Rekonstruksiya ishlaridan keyin Sergeli avtomobil bozorining daromadi 3,5 baravardan ortiqqa oshishi kutilmoqda. Bu haqda 8-iyul kuni Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Qariyb 24 gektar hududda joylashgan bozor to‘liq rekonstruksiya qilinib, savdo nuqtalari soni 1 927 tadan 2 689 taga yetkazildi. Hududning 58 ming kvadrat metr maydoni asfaltlanib, avtoturargoh sig‘imi 32% ga oshirildi. Majmua bir vaqtning o‘zida 5 326 ta avtomobilni qabul qila oladi.

Shu bilan birga, 700 metrlik qo‘shimcha yondosh yo‘l qurilishi hisobiga “Yangi Sergeli” ko‘chasidagi transport tirbandligi kamaytirildi.

Bozorda Vaziyatlar markazi tashkil etilib, 70 ming metrdan ortiq optik va tarmoq kabellari yotqizildi. Mazkur yagona tizimga 1000 ga yaqin “aqlli” kamera, 40 dan ortiq axborot-kommunikatsiya vositasi hamda 2 ta server ulangan.

Foto: Sergeli tuman hokimligi

Avtobozor dasturi ham ishga tushirildi. Bu orqali kiruvchi va chiquvchi avtomobillar oqimi, bo‘sh va band avtoturargohlar hamda noto‘g‘ri to‘xtash holatlari real vaqt rejimida kuzatib boriladi.

Yangidan barpo etilgan darvozalar aqlli shlagbaum va kameralar, birinchi marta naqd va elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi parking boks apparatlari bilan jihozlanib, dasturga integratsiya qilindi. Natijada bozorga kirish vaqti 2−3 daqiqadan 20 soniyagacha qisqarib, darvozalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 6 barobarga oshdi.

Bundan tashqari, 116 nafar fuqaro rasmiy bandlikka jalb etilib, 35 nafari tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Raqamlashtirish natijasida bozor daromadi 28 mlrd so‘mdan 31,3 mlrd so‘mga oshdi. Yil yakunigacha uni 100 mlrd so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlar savdo aylanmasini 726 mlrd so‘mga, budjetga qo‘shimcha soliq tushumlarini esa 43 mlrd so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Markazdan boshqaruv

Press-tur Sergeli avtomobil bozoridagi Vaziyatlar markazida davom etdi. Aynan shu markaz orqali bozor hududidagi transport oqimi, avtoturargohlar va xavfsizlik tizimlari real vaqt rejimida nazorat qilinadi.

Foto: Spot va Sergeli tuman hokimligi

Click bosh direktorining maslahatchisi Akmal Mahmudov bozorni raqamlashtirish tizimi haqida ma’lumot berib, Vaziyatlari markazida joriy etilgan tizim avtomobillarni joylashtirish, transport oqimini boshqarish hamda to‘lovlarni avtomatlashtirish imkonini berishini qayd etdi.

Masalan, avtomobil sotish uchun kelgan haydovchi parkomatdan QR-kod oladi. Tizim bo‘sh joylarni aniqlab, uni mos savdo maydoniga yo‘naltiradi. Bozordan chiqishda esa QR-kod skaner qilinadi va to‘lov avtomatik hisoblanadi.

Shunga o‘xshash tizim ehtiyot qismlar xarid qilish uchun kelgan mijozlar uchun ham joriy etilgan. Davlat raqami mavjud avtomobillar kameralar orqali avtomatik aniqlanadi, raqamsiz transport vositalari esa QR-kod orqali tizimga kiritiladi.

Mahmudovning aytishicha, bozorda naqd pul, bank kartalari va elektron to‘lovlar qabul qilinadi. Bundan tashqari, NFC orqali kontaktsiz to‘lov hamda Click Pass tizimi sinov tariqasida ishga tushirilgan. Kelgusida boshqa to‘lov tizimlarini ham platformaga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Bir kunda 7 mingtagacha avtomobil

Akmal Mahmudov savdo joylari tariflari haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, ish kunlari — dushanbadan-jumagacha yopiq (soyali) maydonda avtomobil joylashtirish 13 ming so‘m, ochiq maydonda esa 11 ming so‘mni tashkil etadi.

Dam olish kunlari savdo maydonlari narxi 69−73 ming so‘mgacha oshadi, oddiy avtoturargohlar uchun esa 11 ming so‘mlik tarif saqlanib qoladi. To‘lov bir kun uchun amal qiladi. Agar avtomobil soat 20:00 gacha olib chiqilmasa, keyingi kun uchun ham to‘lov hisoblanadi.

Foto: Spot

Mahmudov hozirda bozorga kuniga 5−7 ming atrofida avtomobil kirishini qayd etdi. Shuningdek, u Spot’ga avtomobillarni masofadan turib izlash imkonini beruvchi mobil ilova ishlab chiqilayotganini ham ma’lum qildi.

“Siz uydan chiqishdan oldin ilovada qaysi joyda qanday avtomobil turganini ko‘rasiz. Masalan, 178-joyda siz xohlagan mashina borligini bilib, vaqt yo‘qotmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha yerga borasiz”, — dedi u.

Uning aytishicha, ilova hozir test bosqichidan o‘tmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangach, uni yaqin kunlarda foydalanuvchilarga taqdim etish rejalashtirilmoqda.

Saygaklardan holi hudud

Joriy yilning yanvar-may oylarida bozor hududi bo‘yicha ichki ishlar organlariga 5 ta jinoyat va 716 ta huquqbuzarlik haqida xabar kelib tushgan. Bunday holatlarning oldini olish uchun Vaziyatlar markazi IIVning Qalqon tizimiga integratsiya qilinib, bozor direktorining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan.

Bundan tashqari, 1000 dan ortiq do‘konga yong‘in haqida avtomatik xabar beruvchi tizim o‘rnatilgan, 60 ga yaqin SOS va tashvish tugmalari esa yagona tizimga ulangan.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu tugmalar tadbirkorlar va xaridorlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va ularning jinoyatga aylanib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. SOS tugmasi bosilgach, mas’ul xodimlar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib boradi.

Shuningdek, xalq orasida Saygak deb ataluvchi 100 dan ortiq noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslarning ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, ular bilan profilaktik ishlar olib borildi. Natijada iyun oyi davomida bozor hududida birorta ham jinoyat yoki huquqbuzarlik qayd etilmagan.

avtomobillar, bozor, sergeli avtomobil bozori

Foto: Kun.uz

Mas’ullardan birining ta’kidlashicha, ayrim vositachilar avtomobil egalariga turli xizmatlarni va’da qilib, transport vositasini o‘zlariga topshirishni so‘raydi. Keyinchalik esa oldindan kelishilmagan xizmatlar uchun katta miqdorda haq talab qiladi. Bu esa tomonlar o‘rtasida nizoga sabab bo‘lib, ayrim hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilishgacha boradi.

Bozor hududida jabrlangan fuqarolarning arizalari asosida Ichki ishlar organlari tomonidan qidirilayotgan yoki shaxsi aniqlanayotgan qonunbuzarlarning suratlari ham maxsus joylarga joylashtirilgan. Bu bozorga keluvchilarni ogohlantirish hamda vositachilar bilan bog‘liq nizolarning oldini olishga qaratilgan.

Muammolar hali ham bor

Spot suhbatlashgan sotuvchilarning aytishicha, rekonstruksiyadan keyin bozor infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilangan. Shu bilan birga, ayrim masalalar hanuz yechimini kutmoqda. Xususan, bozor hududida ichimlik va yengil tamaddi sotiladigan kichik shoxobchalar yetishmaydi.

Raqamlashtirish tizimi haqida gapirar ekan, sotuvchilar avvalgi tizimga nisbatan to‘lovlar maqbullashganini qayd etdi. Biroq ular avtomobil uzoq vaqt sotilmay qolsa, ushbu xarajat baribir uning narxiga qo‘shilishini ta’kidlamoqda.

“Hozir bitta mashina uchun 250−260 ming so‘mgacha to‘lov qilamiz. Mashina bir oy turib qolsa, qariyb $100 qo‘shimcha xarajat bo‘ladi. Oxir-oqibat bu pul mashinaning narxiga qo‘shiladi”, — dedi sotuvchilardan biri.