Raqobat qo‘mitasi ayrim mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmatlar narxini oshirishning asosli ekanini o‘rganishni boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayrim operatorlar yaqin kunlarda mobil aloqa xizmatlari narxi oshirilishini e‘lon qilgani iste‘molchilarning e‘tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, tarif rejalarida internet trafik hajmi oshirilayotganiga qaramay, aloqa sifatining kafolatli darajasi ta‘minlanmayotgani sababli abonentlar ajratilgan trafikdan to‘liq foydalana olmayotganini bildirmoqda.

Shuningdek, foydalanilmagan internet trafikning keyingi oyga o‘tkazilmasligi hamda tariflar narxining oshishi trafik hajmidagi o‘sishga mutanosib emasligi qayd etilmoqda.

Qo‘mita ushbu holatlar yuzasidan mobil aloqa operatorlari tomonidan narxlarni oshirishning asosli ekanini o‘rganmoqda.

Agar o‘rganish davomida raqobatga zid yoki iste‘molchilar huquqlarini cheklovchi harakatlar aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkaziladi. Ushbu holatlar tasdiqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.

Bundan tashqari, qo‘mita 2025-yil va 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mobil aloqa operatorlari faoliyati yuzasidan bir qator ko‘rsatmalar berilgani va ularning ijrosi ta‘minlanganini ma‘lum qildi.

Jumladan, Beeline abonentlarining hisobida oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ bo‘lmaganda, ularni ogohlantirmasdan avtomatik ravishda kunlik tarifga o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi. Shuningdek, abonentlarga ushbu xizmatlarni boshqarish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, Beeline tomonidan davlat organlarining 100 dan ortiq qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroqlar uchun undirilgan to‘lovlar bekor qilindi.

Mobiuz ayrim tarif rejalariga o‘tishdagi texnik cheklovlarni bartaraf etib, abonentlarga tarif shartlari haqida to‘liq ma‘lumot aks ettirilishini ta‘minladi.

Ucell esa mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy ofertasini qayta ko‘rib chiqib, unga moddiy va ma‘naviy zarar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi talablarni kiritdi.

Spot avvalroq Raqobat qo‘mitasi kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif etgani haqida yozgandi.