Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni O‘zbekiston — Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri lord Anas Sarvarni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya, geologiya, transport, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish, buni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.



Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida “ingliz huquqi” tamoyillari asosida ishlaydigan Xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu kuni Toshkentda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi masalalarini muhokama qildi. 2026-yilning yanvar-avgust oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,6% ga oshib, $250 mln ga yaqinlashdi.
Buyuk Britaniyaning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun savdo preferensiyalari tizimi — DCTS, sertifikatlashtirish tartib-taomillarini soddalashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniya savdo tarmoqlariga olib kirish masalalariga alohida e‘tibor qaratildi.
Shuningdek, 46 ta loyihani amalga oshirish, UK Export Finance ishtirokida moliyalashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish hamda elektrotexnika, kritik minerallar, farmatsevtika va transport mashinasozligi sohalaridagi kooperatsiya masalalari muhokama qilindi.





Yig‘ilish yakunida savdo, investitsiyalar, sanoat, raqamli texnologiyalar, moliya va sog‘liqni saqlash sohalaridagi kelishuvlarni mustahkamlovchi Qo‘mitaning ikkinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Spot avvalroq O‘zbekiston va Ummon preferensial savdo va investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha bitimlar tayyorlashi haqida yozgandi.







