30-sentabr — 2-oktabr kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Ummonning Maskat shahrida bo‘ldi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Tashrif doirasida Ummon davlat tuzilmalari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ummon iqtisodiyot vaziri Xamis bin Saif Al-Jabriy hamda savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Anvar bin Hilol Al-Jabriy bilan muzokaralarda savdo va investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika yo‘laklari hamda ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari muhokama qilindi.
Ummon ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlarda logistika, energetika, neft-gaz kimyosi, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, bank sektori va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, yangi ishlab chiqarish va logistika quvvatlarini yaratish, eksport yo‘nalishlarini kengaytirish, energiya saqlash tizimlari va ma‘lumotlar markazlarini tashkil etish, shuningdek, xomashyoni qayta ishlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar preferensial savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni tayyorlash, shuningdek, transport yo‘laklari va qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Bundan tashqari, biznes-forum, O‘zbekiston salohiyati ko‘rgazmasi hamda yirik biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Spot avvalroq Fors ko‘rfazining 6 ta davlati uchun yagona turistik viza ishga tushirilishi haqida yozgandi.