O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqiga an‘anaviy o‘zbek ayvonlarini sovg‘a qildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ayvonlar Tramp tashkil etishni rejalashtirayotgan Amerika Qahramonlari milliy bog‘i joylashadigan West Potomac Park‘da o‘rnatiladi. So‘nggi kunlarda bog‘ hududida Toshkentdan yuborilgan yirik qutilarni tashiyotgan yuk mashinalari kuzatilgan.
AQSh Ichki ishlar departamentining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Keti Martin nashrga Mirziyoyev an‘anaviy o‘zbek ayvonlarini Trampga sovg‘a qilgani, AQSh prezidenti esa ularni Amerika xalqi nomidan qabul qilganini ma‘lum qilgan.




Uning qayd etishicha, tashrif buyuruvchilar ayvonlarni kuz oxirida ko‘rishlari mumkin.
Keyinroq O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Siddiqov sovg‘a ikkita ayvondan iborat ekanini ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ayni paytda o‘zbekistonlik hunarmandlar tomonidan bog‘ hududida o‘rnatilmoqda.
“Ushbu noyob san‘at asarlari chuqur ramziy ma‘noga ega. Ular O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va tobora mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikni ifodalaydi hamda ikki xalq o‘rtasidagi yaqin rishtalarning doimiy ramzi bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Furqat Siddiqov.


Elchi O‘zbekistonning boy madaniy merosining bir qismi AQSh tashkil topganining 250 yilligi nishonlanadigan tarixiy yilda mamlakat poytaxtida doimiy o‘rin egallayotganidan faxrlanishini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, AQSH O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigrant vizasi berish taqiqini bekor qilgani haqida yozgandi.





