Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 586 tup daraxt noqonuniy ravishda ildizi bilan qo‘porib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asosida Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, Bo‘stonliq tuman bo‘limi hamda Ekopolitsiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida o‘rganish o‘tkazdi.

Tekshiruv davomida “G‘azalkent” mahallasida Y.D. korxonasi tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup daraxt noqonuniy qo‘porib tashlangani aniqlangan. Ularning 9 tupi do‘lana, 3 tupi archa, 3 tupi tog‘ olchasi va 571 tupi uchqat bo‘lgan.

Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, tadbirkor qonuniy talablarga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatishga uringan.

Ekologiya xodimlari tomonidan huquqbuzarlikka chek qo‘yilib, maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar chiqarib olingan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga jami 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.


Spot avvalroq Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi bo‘yicha ekologik ekspertizaning ikki bosqichi yakunlangani haqida yozgandi.