Sea Breeze loyihasining atrof-muhitga ta‘sirini baholash bo‘yicha birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlanib, davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Birinchi bosqichda loyiha amalga oshirilishidan oldin uning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, biologik xilma-xillik, chiqindilar hamda muhandislik infratuzilmasiga ehtimoliy ta‘siri baholanadi. Shuningdek, ekologik xatarlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar va jamoatchilik fikrlari ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda esa loyihaning atrof-muhitga ta‘siri yanada batafsil baholanib, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, muhandislik yechimlari, qurilish ishlarini tashkil etish, chiqindilar bilan ishlash, suvdan foydalanish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha talablar aniqlashtiriladi.

Qurilish ishlari yakunlangach, ekologik baholashning yakuniy bosqichi o‘tkaziladi. Unda obyekt foydalanishga topshirilishidan oldin tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilgani, ekologik talablar ta‘minlangani va qurilgan obyekt ilgari kelishilgan ekologik shartlarga muvofiqligi tekshiriladi.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, loyiha davlat ekologik nazorati bilan birga jamoatchilik nazorati ostida ham amalga oshirilmoqda. Jamoatchilik kengashi a‘zolari loyiha hududiga chiqib, qurilish jarayoni hamda ekologik talablar bajarilishini o‘rganmoqda.

Hozirgacha o‘tkazilgan tashriflar davomida belgilangan ekologik talablar buzilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanmagan. Monitoring loyihaning keyingi bosqichlarida ham davom ettiriladi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrd ga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

2025-yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrd lik kelishuv imzoladi.

Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Avgust oyida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Agalarov Development ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrd lik umummavsumiy kurort majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi. Loyiha bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.

Sea Breeze Uzbekistan’ga ushbu yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara muddati yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquq bilan 25 yilni tashkil etadi. Kamaytiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda ijara narxi 17 mlrd so‘mni tashkil etdi, uni ijarachi 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin (bozor bahosi — 1,7 trln so‘m).

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida kompaniya istisno tariqasida 2029-yil oxirigacha qurilishni loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish huquqini oldi.

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararlar Toshkent viloyati mahalliy budjetiga Sea Breeze Uzbekistan tomonidan ajratiladigan $5 mln miqdoridagi mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Developer qimmatbaho daraxtlarni yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chirib o‘tkazishi mumkin. Kompaniyaga kompensatsiya sifatida 5−7 yoshli kamida 10 ta daraxtni ekish orqali kam qiymatli daraxtlarni kesishga ruxsat beriladi.


Spot avvalroq Lotte Group O‘zbekistonda turizm markazlarini boshqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.