Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoatchilikka oldindan e’lon qilinmasdan amalga oshirilgan Paynet to‘lov tashkilotining xususiylashtirilishi bo‘yicha ilk bor izoh berdi. Bu haqda 8-oktabr kuni agentlik direktori Sohibjon Murodov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Paynet xususiylashtirilishida qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilangan usullardan biri — jamiyatning boshqa ishtirokchilariga ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanilgan.
“Paynet bo‘yicha izoh bermoqchiman, uni xususiylashtirishda qonunchilikda belgilangan usullardan biri qo‘llanilgan”, — dedi Davaktiv rahbari.
Uning tushuntirishicha, “Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, jamiyat ishtirokchilaridan biri o‘z ulushini sotmoqchi bo‘lsa, avvalo uni boshqa ishtirokchilarga yoki jamiyatning o‘ziga sotib olishni taklif qilishi kerak. Murodov ushbu imtiyozli huquq qonunchilikda belgilanganini ta’kidladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori MChJdagi ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanishda agentlik ish uslubini o‘zgartirishini ma’lum qildi. U kelgusida bu boradagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka oshkor qilishga va’da berdi.

Paynet xususiylashtirilishi
2024-yil aprel oyida Paynet to‘lov xizmatini boshqaruvchi Uzpaynet kompaniyasining ta’sischisi o‘zgargan. Reyestr ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning 100% ulushi New Industrial Technologiyes kompaniyasiga o‘tgan. Ulush sotilgani haqida rasman xabar berilmagan, biroq avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya egasi o‘zgargani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
New Industrial Technologiyes 2019-yilda tashkil etilgan. Uning ustav fondi 273,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 60% ulushi Aleks Li, 40% ulushi esa kompaniya rahbari Mustafa Abdurahmonovga tegishli. Abdurahmonov Asia Alliance Bank’ning yirik aksiyadori bo‘lgan Asia Alliance Grup kompaniyasining 77,6% ulushiga ham egalik qiladi.
Davlat avval ham Uzpaynet’ni xususiylashtirishga chiqargan. 2022-yil avgust oyida Davaktiv kompaniyadagi davlatga tegishli 100% ulushni sotuvga qo‘ygan. Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushgan, biroq takliflarni qabul qilish “qo‘shimcha aniqlik kiritish” uchun kechiktirilgan.
Avvalroq Spot AQSh, Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga qiziqish bildirgani haqida yozgan edi.