“Paynet” to‘lov xizmatini boshqaruvchi “Uzpaynet” kompaniyasi ta’sischisini o‘zgartirdi. “Bankers.uz” nashri Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestriga kiritilgan o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.

Unga ko‘ra, kompaniyaning 100% ulushi “New Industrial Technologies” kompaniyasiga tegishli. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda egasi o‘zgargani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan bo‘lsa ham savdo jarayoni haqida rasmiy ma‘lumot mavjud emas.

“New Industrial Technologies” MChJ 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitali 273,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniya ta’sischilari Aleks Li (60%) va Mustafa Abdraxmanov (40%) hisoblanadi.

Abdurahmonov, shuningdek, “Asia Alliance Bank"ning asosiy aksiyadori bo‘lgan “Asia Alliance Group"ning 77,6% aksiyalariga egalik qiladi. Qolgan 22,4%i Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “Gor Investment Ltd” kompaniyasiga tegishli.

“Paynet” xizmati 2005-yilda Botir Arifjanov tomonidan tashkil etilgan. 2022-yilning avgust oyida Davaktiv agentligi “Uzpaynet"ning 100% ulushini sotuvga qo‘yish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan 7ta ariza kelib tushdi, biroq qo‘shimcha aniqlik kiritish holatlari sabab takliflarni qabul qilish kechiktirildi.