Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Uzpaynet” MCHJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushining xususiylashtirish jarayoni boshlanganini e’lon qildi.

Abrau Capital va Centil kompaniyalar konsorsiumi ushbu bitim boʻyicha agentlikning xususiylashtirish boʻyicha yetakchi maslahatchisi hisoblanadi.

Bitimni amalga oshirish jarayoni

Ishtirokchilar quyidagi ma’lumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarni (Express of interest) taqdim etishlari kerak:

  • ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha ma’lumot (shu jumladan, STIR va faoliyat turi);
  • ishtirokchining ustav kapitalida 5%dan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ ta’sischilar va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida ma’lumotlar;
  • moliyaviy hisobot (oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha afzalroq).

Qabul qilingan arizalar davlat ulushini sotib olish uchun toʻlovga qobiliyatliligi, xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta’qiqlashi mumkin sud jarayonlarining yoʻqligi kabi mezonlar asosida saralanadi.

Arizani rus, oʻzbek yoki ingliz tillarida tayyorlab, 2022-yil 7-sentyabr soat 18:00ga qadar havola orqali yuborish lozim.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

“Uzpaynet” Oʻzbekiston bozorida 2005-yildan buyon toʻlov tashkiloti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya Paynet toʻlov tizimi ishlab chiqaruvchisi va savdo belgisi egasi deb hisoblanadi.

Hozirgi kunda 390 dan ortiq xizmat koʻrsatuvchi provayderlar toʻlovlarni tizim orqali qabul qilmoqdalar — mobil aloqa, internet, uy-joy, sugʻurta, va boshqalar.

Tizim orqali har kuni 1,3 mlndan ortiq toʻlovlar 25 ming toʻlovni qabul qilish punkti va mobil ilova orqali amalga oshiriladi.