O‘zbekiston Turizm qo‘mitasida Air Arabia aviakompaniyasi vakillari bilan yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va turistik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda aviakompaniyaning O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘iga Toshkent va Namangan shaharlari kiradi. Toshkentdan Sharja va Abu-Dabi yo‘nalishlarida haftasiga jami 13 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa turistik markazlarga yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish, Toshkent-Sharja va Toshkent-Abu-Dabi yo‘nalishlarida qatnovlar sonini oshirish takliflari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Shimoliy Afrikadan O‘zbekistonga tranzit sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma marketing kampaniyalari va turistik paketlar ishlab chiqish, blogerlar, turoperatorlar hamda OAV vakillari uchun infoturlar tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi. Air Arabia O‘zbekistonga tashkil etiladigan infoturlarda bloger va inflyuyenserlarning aviachipta xarajatlarini qoplash bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatishini ma‘lum qildi.
Bundan tashqari, aviakompaniya bortlarida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari haqidagi axborot materiallarini joylashtirish va ularni xorijiy yo‘lovchilar orasida targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Air Arabia Umra plyus loyihasini qo‘llab-quvvatlash va uni turistik mahsulot sifatida rivojlantirishga ham tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar turistik oqimni oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirishga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Spot avvalroq Toshkent va Manama o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.