Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov BAAda Bahrayn turizm vaziri Fotima Al-Sayrafiy bilan uchrashdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish hamda soha vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent va Manama shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar turizm bo‘yicha marketing tadqiqotlari, statistik ma‘lumotlar va sayyohlar oqimiga oid asosiy tendensiyalar yuzasidan muntazam axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Shuningdek, turizm sohasi vakillari va OAV xodimlari uchun o‘zaro infotur hamda press-turlar tashkil etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Bahrayn vakillari 25−27-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan Ipak yo‘lida turizm xalqaro turizm yarmarkasi hamda 2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yiliga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilindi.
Spot, avvalroq, Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.