Nankin va Toshkent o‘rtasida muntazam yuk aviareyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya Jiangxi International Cargo Airlines va Beijing Capital Airlines vakillari bilan yangi yo‘nalishni tashkil etish bo‘yicha ishchi uchrashuv o‘tkazdi.

Taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, parvozlarni 12-oktabrdan boshlab haftasiga uch marta amalga oshirish rejalashtirilgan. Qatnovlarda Airbus A330 yuk samolyotlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Yuk tashuvlari har ikki yo‘nalishda amalga oshirilishi kutilmoqda. Asosiy yuklar transchegaraviy elektron tijorat uskunalari va tovarlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Uchrashuvda yangi yo‘nalishni ishga tushirish bilan bog‘liq tijorat va operatsion masalalar ham muhokama qilindi. Jumladan, aeroport, yer usti va omborxona xizmatlari, samolyotlarga yonilg‘i quyish shartlari, shuningdek, zarur infratuzilma va xodimlarni tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Nankin — Xitoyning Szyansu provinsiyasi poytaxti bo‘lib, Shanxaydan qariyb 300 kilometr uzoqlikda joylashgan yirik sanoat va logistika markazi hisoblanadi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.