O‘zbekiston Indoneziya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Masala Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Tomonlar Toshkent−Jakarta yo‘nalishida, shuningdek, Indoneziyani O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Bunda yangi aviaqatnovlarni subsidiyalash mexanizmlaridan foydalanish mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Indoneziyadan sayyoh jalb qilgan mahalliy turoperatorlarga har bir turist uchun $100 subsidiya ajratilishi belgilangan.

Indoneziyada har yili 2 mln dan ortiq fuqaro Haj va Umra ziyoratiga boradi. O‘zbekistonda esa 1,2 mingdan ziyod ziyorat maskani mavjud bo‘lib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi Indoneziya bozori uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.

Vazirning tashrifi davomida Samarqand va Buxorodagi ziyorat maskanlari ham namoyish etildi.

Tomonlar ushbu shaharlarni Indoneziyada ziyorat turizmi yo‘nalishlari sifatida targ‘ib qilish, maxsus turlar ishlab chiqish hamda Haj va Umra operatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etishga kelishdi.

Shuningdek, Imom Buxoriy majmuasi hududida indoneziyalik investorlar ishtirokida besh yulduzli “Hadith Hotel” mehmonxonasi ishga tushirilgan.

Kelgusida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, “Umra plyus” dasturini rivojlantirish va turoperatorlar hamkorligini kengaytirish orqali Indoneziyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish rejalashtirilmoqda.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik turoperatorlarga Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun $100 dan berilishi haqida yozgandi.