AQSH federal sudi Tramp ma’muriyatining O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigratsion vizalar berilishini to‘xtatib qo‘ygan siyosatini noqonuniy deb topdi, deya xabar berdi Reuters.

Nyu-York janubiy okrugi federal sudyasi Jeannette Vargas Davlat departamentining immigratsion vizalarni berishni to‘xtatish haqidagi siyosatini bekor qildi. Qaror 21-avgust kuni chiqarilgan.

Ushbu cheklov 2026-yil 21-yanvardan kuchga kirgandi va ro‘yxatga O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar ham kirgan.

AQSH hukumati cheklovni ushbu davlatlardan keladigan immigrantlar davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy yordamga qaram bo‘lib qolishi mumkinligi haqidagi xavotir bilan izohlagan. Davlat departamenti buni immigrantlarning moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashini ta’minlash zarurati bilan asoslagan.

Sudya esa vizalarni butun bir millatga mansublik asosida ommaviy tarzda to‘xtatish qonunga zid ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, immigratsion vizaga murojaat qilgan har bir shaxsning holatini alohida ko‘rib chiqish konsullik xodimlarining vakolatiga kiradi.

Da’voni immigratsiya huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, vizaga murojaat qilgan shaxslar va AQSH fuqarolari — jumladan, cheklov tufayli xorijdagi qarindoshlari bilan birlashishi qiyinlashgan homiylar bergan.

Sud qarori 75 davlat fuqarolariga avtomatik ravishda immigratsion viza beriladi degani emas. Gap vizalarni millatiga qarab ommaviy to‘xtatish siyosatining bekor qilinganida. Endilikda arizalar qonunda belgilangan tartibda individual ko‘rib chiqilishi kerak.

Bu qaror turist, biznes yoki talaba vizalariga taalluqli emas. Yanvar oyidagi cheklov faqat immigratsion vizalar, ya’ni AQShda doimiy yashash imkonini beruvchi vizalar berilishiga nisbatan qo‘llangan.

Qayd etilishicha, qaror ustidan Tramp ma’muriyati apellyatsiya berishi mumkin, shuning uchun vaziyat hali yakuniy bo‘lmasligi mumkin.


Avvalroq Spot AQSH O‘zbekistonni Xitoy tovarlari bojlarini chetlab o‘tishda foydalanilayotgan davlatlar qatoriga kiritgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Xitoy tovarlari 40 dan ortiq davlat orqali AQSHga boshqa davlat mahsuloti sifatida kiritilishi oqibatida mamlakat yiliga $28 mlrd bojxona tushumini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.