AQSH O‘zbekistonni ham Xitoy tovarlarini Qo‘shma shtatlar bojlarini chetlab o‘tish uchun uchinchi davlatlar orqali olib kirish xavfi mavjud davlatlar qatoriga kiritgan.
Bu haqda Oq uyning 13-avgustda e’lon qilingan “The Great Transshipment Scam” hisobotida aytilgan.
AQSH ma’muriyati “transshipment” — ya’ni tovarlarni haqiqiy kelib chiqish mamlakatini yashirish maqsadida uchinchi davlat orqali mamlakatga olib kirish amaliyotiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda.
Oq uy hisobotida Xitoydan kelayotgan ayrim mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHga emas, balki boshqa davlatlar orqali yuborilayotgani qayd etilgan.
Bunday holatlarda mahsulotlar uchinchi davlatda ozgina yig‘ilishi, qayta qadoqlanishi, yorlig‘i yoki hujjatlari o‘zgartirilishi mumkin. Natijada mahsulot Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, bojxona hujjatlarida boshqa davlat kelib chiqishi sifatida ko‘rsatilishi ehtimoli paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston hisobotning uchinchi toifasiga (Tier 3) kiritilgan. Bu toifaga kichikroq iqtisodiyotga ega, Xitoy bilan savdo aloqalari mavjud va logistika, arzon ishchi kuchi, erkin iqtisodiy zonalar, omborlar yoki boshqa imkoniyatlari sababli reeksport uchun potensial jihatdan qulay deb baholangan davlatlar kiritilgan.
To‘liq Tier 3 ro‘yxatida O‘zbekiston, Argentina, Ozarbayjon, Bangladesh, Kambodja, Chili, Kolumbiya, Kosta-Rika, Dominikan Respublikasi, Gruziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Marokash, Myanma, Ummon, Panama, Peru, Filippin, Singapur, Shri-Lanka, Shveysariya va BAA keltirilgan.
Hisobotda bu davlatlar “elevated illegal transshipment risk”, ya’ni noqonuniy reeksport xavfi yuqori bo‘lgan hududlar sifatida baholangan.
Oq uy Xitoy bilan bog‘liq savdoning uchinchi davlatlar orqali oshganini noqonuniy reeksportning aniq isboti deb hisoblamasligini ham qayd etgan: savdoning bir qismi haqiqiy ishlab chiqarish, investitsiya va ta’minot zanjirlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Hisobotning alohida funksional tasnifida O‘zbekiston “Belt-and-Road Overland Nodes” — “Bir makon, bir yo‘l"ning quruqlikdagi tranzit tugunlari qatorida ko‘rsatilgan.
Bu guruhga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya kiritilgan. Oq uy ularning asosiy funksiyasini temiryo‘l va quruqlikdagi portlar orqali tranzit, yuklarni birlashtirish hamda quruqlikdan dengiz yo‘nalishlariga uzatish bilan bog‘laydi.
Ya’ni, O‘zbekistonning hisobotdagi alohida o‘rni geografik va logistika imkoniyatlari bilan bog‘langan.
Oq uy hisobotida 2025-yilda faqat Meksika, Hindiston va Vetnam orqali Xitoydan AQSHga o‘tgan tovarlar bo‘yicha torroq hisob-kitobda taxminan $67 mlrdlik reeksport aniqlangani va bundan AQSH $28 mlrd bojxona tushumini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligi aytiladi.
AQSH bojxona nazoratini kuchaytirib, “Detective Border” nomli sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqmoqda. U tovarlarning yo‘nalishi, ishlab chiqaruvchining imkoniyatlari, komponentlar, hujjatlar, yetkazib berish zanjiri va boshqa ma’lumotlarni tahlil qilib, mahsulotning haqiqiy kelib chiqishini aniqlashga yordam berishi kerak.
Avvalroq Spot AQSH 60 ta davlatga, jumladan Qozog‘istonga qarshi yangi bojlar joriy etgani haqida yozgandi.
Ko‘pchilik mamlakatlar uchun 12,5% lik, ayrim davlatlar uchun esa 10% lik tarif belgilangan. Buning sababi sifatida majburiy mehnat ko‘rsatilmoqda.