AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 60 ta davlat va hududga nisbatan yangi import bojlari joriy etdi. Tegishli memorandum Oq uy saytida e’lon qilindi.

Qaror fevral oyida joriy etilgan vaqtinchalik bojlarning 150 kunlik amal qilish muddati tugagach qabul qilindi.

Avvalroq AQSH Oliy sudi Tramp ma’muriyatining 2025-yil aprelida joriy etgan bojlarining aksariyatini noqonuniy deb topib, prezident 1977-yildagi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) doirasidagi vakolatidan oshib ketganini bildirgandi.

Shundan so‘ng Oq uy 1974-yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limiga tayandi. Unga ko‘ra, prezident Kongress roziligisiz 150 kungacha muddatga vaqtinchalik import bojlarini joriy etishi mumkin.

Yangi cheklovlarga AQSH Savdo vakili tomonidan 60 ta iqtisodiyot bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijalari asos qilib olindi. AQSH rasmiylariga ko‘ra, ushbu davlatlar majburiy mehnat mahsulotlari importini taqiqlamagan yoki bunday taqiqni samarali amalga oshirmayapti. Vashington fikricha, bu holat AQSH savdosiga to‘sqinlik qilmoqda.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, aksariyat davlatlar uchun 12,5% lik, ayrimlari uchun esa 10% lik boj stavkasi belgilandi. Pastroq stavka majburiy mehnat mahsulotlari importini taqiqlagan yoki buni AQSH bilan tuzilgan savdo bitimlari doirasida amalga oshirish majburiyatini olgan davlatlarga qo‘llanadi.

Yevropa Ittifoqi, Tayvan, Yaponiya, Janubiy Koreya va Shveytsariya uchun alohida tartib joriy etildi.

Agar ularga nisbatan amaldagi eng qulay shartlar rejimi (MFN) bo‘yicha boj stavkasi belgilangan darajadan past bo‘lsa, qo‘shimcha boj umumiy stavkani 10 yoki 12,5% ga yetkazadi. Agar amaldagi stavka allaqachon bundan yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha boj undirilmaydi.

Yangi bojlar quyidagi davlat va hududlarga nisbatan joriy etildi:

  • Jazoir;
  • Angola;
  • Argentina;
  • Avstraliya;
  • Bagama orollari;
  • Bahrayn;
  • Bangladesh;
  • Braziliya;
  • Kambodja;
  • Kanada;
  • Chili;
  • Xitoy;
  • Kolumbiya;
  • Kosta-Rika;
  • Dominikana Respublikasi;
  • Ekvador;
  • Misr;
  • Salvador;
  • Yevropa Ittifoqi;
  • Gvatemala;
  • Gayana;
  • Gonduras;
  • Gonkong;
  • Hindiston;
  • Indoneziya;
  • Iroq;
  • Isroil;
  • Yaponiya;
  • Iordaniya;
  • Qozog‘iston;
  • Quvayt;
  • Liviya;
  • Malayziya;
  • Meksika;
  • Marokash;
  • Yangi Zelandiya;
  • Nikaragua;
  • Nigeriya;
  • Norvegiya;
  • Ummon;
  • Pokiston;
  • Peru;
  • Filippin;
  • Qatar;
  • Rossiya;
  • Saudiya Arabistoni;
  • Singapur;
  • Janubiy Afrika Respublikasi;
  • Janubiy Koreya;
  • Shri-Lanka;
  • Shveytsariya;
  • Tayvan;
  • Tailand;
  • Trinidad va Tobago;
  • Turkiya;
  • BAA;
  • Buyuk Britaniya;
  • Urugvay;
  • Venesuela;
  • Vyetnam.

Shu bilan birga, Oq uy ayrim tovar toifalari uchun istisnolarni ham nazarda tutdi. AQSHda taqchillik yuzaga keltirishi, iqtisodiyotda uzilishlarga sabab bo‘lishi, mamlakat ichida yetarli hajmda ishlab chiqarilmasligi yoki boshqa davlatlardan import bilan tezda almashtirib bo‘lmaydigan xomashyo va mahsulotlarga yangi bojlar tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, Argentina, Bangladesh, Kambodja, Ekvador, Salvador, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Gvatemala, Indoneziya, Iordaniya, Malayziya, Shveytsariya, Tayvan va Buyuk Britaniyadan import qilinadigan ayrim mahsulotlar ham istisno qilinadi.

Bu ushbu davlatlarni majburiy mehnat mahsulotlari importini taqiqlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, AQSH Bangladesh, Kambodja, Indoneziya va Malayziyadan import qilinadigan to‘qimachilik hamda tikuvchilik mahsulotlari uchun uch yil muddatga maxsus tarif kvotalari (TRQ) joriy etishni rejalashtirmoqda.

AQSH paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlari xaridi oshirilishi sharti bilan ma’lum hajmdagi import yangi bojlar qo‘llanilmasdan amalga oshirilishi mumkin. Ushbu mexanizm 2026-yil 1-sentabrdan kechiktirmay ishga tushirilishi kutilmoqda. Ungacha esa mazkur mahsulotlarga 10% lik standart boj amal qiladi.

Yangi tariflar AQSH Federal reyestrida rasman e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi. Hujjatga ko‘ra, agar tegishli davlatlar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etsa, AQSH Savdo vakili ayrim choralarni qayta ko‘rib chiqishi yoki bekor qilishi mumkin.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga nisbatan 21-sank­siyalar to‘plamini tasdiqlagani haqida yozgandi.