Avvalroq prezident 28-avgust kuni davlat mulkini xususiylashtirish sohasiga yangi mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Farmonga ko‘ra, 2030-yil 1-yanvargacha qarzdorlik evaziga tijorat banklari balansiga olingan hamda ular ta‘sis etgan investitsiya kompaniyalari balansidagi ko‘chmas mulk obyektlari uchun mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Xususan, tijorat banklari bunday mulkni balansga qabul qilgan kundan boshlab 6 oy, ular ta‘sis etgan investitsiya kompaniyalari esa 12 oy davomida mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi.

Mazkur ko‘chmas mulkning to‘liq summasini to‘lab sotib olgan xaridorlar ham 12 oy muddatga ushbu soliqlardan ozod qilinadi.

Shuningdek, qarzdorlik evaziga mulkdan voz kechish to‘g‘risidagi shartnoma asosida mol-mulk tijorat bankiga ixtiyoriy topshirilganda, uning egasi bo‘lgan yuridik shaxs QQS to‘lashdan ozod qilinadi.

Tijorat banklari qarzdorlik evaziga balansiga olgan mol-mulkni bir yildan ortiq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotganda QQS mulkning sotish qiymati bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

Farmon bilan qarzdorlikni suddan tashqari undirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ham yangi tartiblar belgilandi.

Xususan, qarzdorlik evaziga mol-mulkdan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risidagi shartnoma doirasida davlat ishtirokidagi bankka berilgan mol-mulkni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Bunday mulklarni kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali ham sotish mumkin.

Garovdagi mol-mulk bankka berilayotganda soliq organlari va Majburiy ijro byurosida soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud taqiqlar bundan mustasno, notarial bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha notariuslarga hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha Kadastr agentligiga vakolat beriladi.

Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi banklar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirgan mol-mulk yoki ulushlar bir yil davomida sotilmasa, banklarning so‘roviga asosan ularga qaytariladi.

Farmonda sotilmayotgan yer uchastkalari bo‘yicha ham yangi mexanizm belgilandi.

Hududlarda, jumladan olis joylarda boshlang‘ich narxni bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham uch oydan ortiq muddatda sotilmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk va ijara huquqi ochiq elektron auksion orqali tegishli loyihani amalga oshirish sharti bilan yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilishi mumkin.

Auksionda faqat bitta talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda ham yer uchastkasiga bo‘lgan huquq uning ustav kapitaliga e‘lon qilingan narxda kiritiladi. Shakllangan ulush keyinchalik mazkur yuridik shaxsning o‘ziga sotib olish uchun taklif etiladi.

Shuningdek, davlat ko‘chmas mulk obyektlari xususiylashtirilganda ularga biriktirilgan yer uchastkalariga nisbatan sotilgunga qadar mavjud bo‘lgan huquqlar — umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish va ijara huquqi — ularni xususiylashtirib olgan subyektlar uchun saqlanib qoladi.

Bunda yer uchastkalari bo‘yicha ijara shartnomalarini qayta tuzish talab etilmaydi.

Spot, avvalroq, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz olish uchun onlayn murojaat tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.