IPO bu kompaniya aksiyalarining ilk bor ochiq fond birjasida keng jamoatchilik va investorlarga sotilishi jarayoni hisoblanadi.

O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda qadam tashlab, UzNIF IPOsini o‘tkazdi va $603,6 mln miqdorida xalqaro kapital jalb qildi. Bitimga bo‘lgan umumiy talab uch baravardan ziyod oshib, mamlakatimiz uchun global moliya bozoriga keng yo‘l ochildi.

Spot AQShning UBS investitsiya bankida associate direktor lavozimida faoliyat yuritayotgan Nilufar Ro‘ziyeva bilan global bozor, undagi bugungi tendensiyalar, bozorga ta’sir qilayotgan omillar hamda investorlar ishonchini saqlab qolish masalalari haqida suhbatlashdi.

Muhim: Ushbu material faqat ma’lumot berish maqsadida tayyorlangan bo‘lib, moliyaviy maslahat yoki sarmoya kiritishga tavsiya hisoblanmaydi. Har qanday sarmoya tavakkalchilik bilan bog‘liq. Spot ushbu material asosida qabul qilingan moliyaviy qarorlar uchun javobgar emas.


ipo, nilufar ruzieva, ubs

Nilufar Ro‘ziyeva,

AQShning UBS investitsiya bankida associate direktor.

Yil boshida IPO bozoriga nisbatan kutilmalar juda yuqori edi. Ko‘pchilik bu yilni so‘nggi yillardagi eng kuchli davr, bozor esa nihoyat to‘liq tiklanadigan yil bo‘ladi, deb baholagandi. Ammo amalda manzara boshqacha tus oldi: u hamma kompaniyalar uchun emas, balki aniq biznes modeliga, katta miqyos va kuchli moliyaviy ko‘rsatkichlarga ega yetakchi kompaniyalar uchun ochildi.

Misol uchun, chorakning muhim kelishuvi kosmik texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi SpaceX kompaniyasining $75 mlrd rekord darajadagi IPOsi bo‘ldi. Ushbu bitim tarixdagi eng yirik kelishuv sifatida qayd etildi. Bu investorlar yirik, bozorida yetakchi va yuqori o‘sish salohiyatiga ega kompaniyalarga talab yuqoriligini yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, sun’iy intellekt infratuzilmasiga qiziqish hamon yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Dastlab bunday yirik bitim bozordagi likvidlikni o‘ziga tortib, boshqa kompaniyalarning rejalari uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlar bo‘lgandi. Biroq amalda bozor o‘z faoliyatini davom ettirdi: yirik emitentlar bilan bir qatorda, ommaviy bozorga chiqishni rejalashtirayotgan boshqa kompaniyalar ham investorlar tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa institutsional investorlar talabi nafaqat eng yirik bitimlarni, balki ommaviy bozorga chiqishga tayyorlanayotgan kompaniyalarning kengroq oqimini ham moliyalashtirish uchun yetarli ekanini ko‘rsatdi.

May oyida sun’iy intellekt uchun chip ishlab chiqaruvchi Cerebras $5,55 mlrd jalb qildi. Bu AQSh yarimo‘tkazgich kompaniyalari orasidagi eng yirik IPOlardan biriga aylanib, unga bo‘lgan talab taklifdan qariyb 20 baravar yuqori bo‘ldi. Shuningdek, kvant hisoblash texnologiyalari kompaniyasi Quantinuum $1,7mlrd va xotira chiplari ishlab chiqaruvchisi SK Hynix $26,5 mlrd jalb qilishdi.

Prognozlarga kelsak, Databricks, Stripe, Lambda, Revolut va boshqa qator yirik texnologik kompaniyalar joriy yilning ikkinchi yarmi hamda 2027-yil boshida ommaviy bozorga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, o‘tgan chorakda sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik kompaniyalardan hisoblanagan, OpenAI va Anthropic AQSh fond bozorida ommaviy joylashtirish uchun maxfiy tarzda tegishli hujjatlarni topshirdi. Agar bozor sharoitlari qulay bo‘lsa, ushbu bitimlar tarixdagi eng yirik texnologik kompaniyalar aksiyalarining ommaviy joylashtirilishi qatoridan joy olishi va 2026-yilning ikkinchi yarmidagi bozor hajmining salmoqli qismini tashkil etishi mumkin.

Investorlar talabi qaysi yo‘nalishga qaratilganini esa aynan shu bitimlarning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Deyarli barcha yirik kelishuvlar sun’iy intellekt va uning infratuzilmasi bilan bog‘liq kompaniyalarga to‘g‘ri keldi. Xususan, sun’iy intellekt uchun chiplar va yarimo‘tkazgichlar, ma’lumotlar markazlari, hisoblash infratuzilmasi, elektr quvvati infratuzilmasi hamda chip ekotizimiga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar investorlarning asosiy e’tiborini tortmoqda.

IPO bozoriga ta’sir qilayotgan omillar

Bunga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda. Ularni shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin:

  • tarkibiy ya’ni uzoq muddatli;
  • vaziyatga bog‘liq ya’ni qisqa muddatli omillar.

Vaziyatga bog‘liq omillardan biri, 2025-yil oktyabr-noyabr oylarida AQSh hukumati faoliyatining vaqtincha to‘xtab qolishi bo‘lgan. Bu kapital bozorga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, shu davrda emitentlar 900 dan ortiq ro‘yxatdan o‘tish hujjatini topshirgan, biroq hukumat faoliyati tiklangandan keyingina ularni ko‘rib chiqish va tasdiqlash jarayoni davom ettirilgan. Natijada katta navbat yuzaga kelgan.

Tarkibiy omillar ham bozorga bosim o‘tkazmoqda. Makroiqtisodiy noaniqlik — tarif siyosati, foiz stavkalari bo‘yicha noaniqlik hamda geosiyosiy vaziyat kabi omillar kompaniyalarning ommaviy bozorga chiqish qaroriga ehtiyotkorlik bilan yondashishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda ko‘plab texnologik kompaniyalar xususiy bozorlarda yetarli miqdorda kapital jalb qila olgani sababli, ular ommaviy bozorga chiqishga shoshilmayapti.

Shu sababli, 2025-yil oxiri yoki 2026-yil boshida ommaviy bozorga chiqishni rejalashtirgan ko‘plab kompaniyalar muddatlarini kechiktirishga, investorlar bilan uchrashuvlar jadvalini qayta ko‘rib chiqishga yoki bozorda boshqa yirik bitimlar yakunlanguncha kutishga majbur bo‘lishdi. Natijada, 2026-yil boshidagi sust faollikning bir qismini aynan o‘sha kechikishlarning ta’siri bilan izohlash mumkin.

Biroq bozor uchun asosiy sharoitlar mustahkamligicha qolmoqda. Komissiya yig‘ilib qolgan hujjatlarni ko‘rib chiqishni yakunlab, makroiqtisodiy vaziyat yanada aniqlashgani sari bozor faollashishi kutilmoqda. Biroq bozor sharoitlari ijobiy bo‘lishining o‘zi yetarli emas. Har bir kompaniya ommaviy bozorga chiqish vaqtini belgilashda o‘zining ichki tayyorgarligi, moliyaviy holati va uzoq muddatli strategiyasini ham hisobga oladi.

Birjaga chiqish: kompaniyalar nimalarni hisobga oladi?

Kompaniyaning ommaviy bozorga chiqish qarori ichki tayyorgarlik va tashqi bozor sharoitlarining uyg‘unligiga bog‘liq. Foiz stavkalari, kompaniya baholanishi, geosiyosiy vaziyat va investorlar talabi muhim rol o‘ynaydi. Biroq chiqish vaqtini ushbu omillarning hech biri yakka holda belgilamaydi — qaror odatda bir nechta omilning uyg‘unlashuvi natijasida qabul qilinadi.

Amaldagi bozor sharoitida eng muhim omillardan biri baholash bo‘yicha kutilmalar va investorlar hisoblanadi. Kompaniyalar ommaviy bozor ularning uzoq muddatli o‘sish salohiyatini munosib baholashini va kapitalni jozibador shartlarda jalb qilish imkonini berishini istaydi.

ipo, nilufar ruzieva, ubs

Odatda kompaniyalar 3 ta shart bir vaqtda bajarilganda birjaga chiqishni ma’qul ko‘radi:

  • biznes operatsion va boshqaruv jihatidan ommaviy kompaniya maqomiga tayyorligi;
  • bozor sharoitlari qulay bo‘lishi,
  • yuqori o‘sish salohiyatiga ega sifatli kompaniyalarga investorlar tomonidan kuchli talab mavjud bo‘lishi zarur.

Aynan shu uch omil birlashganda, kompaniyaning ommaviy bozorga muvaffaqiyatli chiqishi, kapitalni qulay shartlarda jalb qilishi hamda bozorda uzoq muddatli barqaror natijalarga erishish ehtimoli sezilarli darajada ortadi.

Tayyorgarlik bosqichlari

Ko‘pchilik ommaviy bozorga chiqishni shunchaki aksiya sotish jarayoni deb tasavvur qiladi. Aslida esa aksiya sotish butun jarayonning eng oxirgi va kichik qismi. Asosiy ish kompaniya birjaga chiqishidan bir necha yil oldin boshlanadi. Bu jarayon odatda kompaniyaning ichki tizimlarini xalqaro standartlarga moslashtirishdan boshlanadi.

Birinchi navbatda, kompaniya tanlangan birjaning barcha talablariga javob berishi kerak. Masalan, Nyu-York fond birjasi yoki Nasdaq’da savdo qilishi uchun kompaniya ma’lum moliyaviy mezonlarga javob berishi, korporativ boshqaruv standartlariga rioya qilishi va shaffof hisobot tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim.

Birjaga chiqqandan keyin esa majburiyatlar yanada ortadi: kompaniya har chorakda auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotlarni e’lon qilishi va investorlar uchun muhim bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘z vaqtida oshkor qilib borishi shart bo‘ladi. Ya’ni IPO bir martalik tadbir emas, balki kompaniyaning butunlay yangi boshqaruv rejimiga o‘tishidir.

Kompaniyalar qachon va qanday qilib birjaga chiqadi?

Noaniq bozor sharoitida kompaniyalar ommaviy bozorga chiqishni rejalashtirishda uchta asosiy masalaga e’tibor qaratmoqda:

  • qachon birjaga chiqish;
  • qanday baholanish;
  • qancha kapital jalb qilish.

So‘nggi yillarda ularning bu masalalarga yondashuvi ancha o‘zgarmoqda. Eng katta o‘zgarish esa bozorga chiqish taqvimidan ko‘ra, kompaniyalarning tayyorgarlik darajasiga e’tibor kuchayayotganidadir.

Avvallari kompaniyalar “IPO qachon ochiladi?”, degan savolni berardi. Bugun esa ular: “Bozor ochilganda biz tayyor bo‘lamizmi?”, degan savolni o‘z oldiga qo‘ymoqda. Bu yondashuvdagi muhim o‘zgarish.

Oxirgi yillarda bozorga chiqish imkoniyatlari qisqa muddatlarga ochilib-yopilgani sababli, kech tayyorgarlik ko‘rish kompaniyalarga qanchalik qimmatga tushishi amalda ko‘zga tashlanmoqda. Shu tajribadan saboq chiqarib, 2025-yilda muvaffaqiyatli bozorga chiqqan kompaniyalarning aksariyati bu jarayonga 18−24 oy oldindan tayyorgarlikni boshlagandi. Xususan, ular korporativ boshqaruvni takomillashtirib, moliyaviy hisobot tizimini xalqaro talablarga moslashtirish va investorlar oldida o‘zlarini qanday namoyish etish ustida ancha ishlashgan.

Narxlash borasidagi kutilmalar ham ancha o‘zgarmoqda. 2021-yildagi kabi yuqori baholashlar endi odatiy hol emas. Bugungi investorlar ko‘proq barqaror biznes modeli, pul oqimi shakllanayotgan va foydaga chiqish yo‘li aniq bo‘lgan kompaniyalarni yuqori baholamoqda. Natijada kompaniyalar avvalgi xususiy investitsiya raundlaridagi baholarga emas, balki ommaviy bozordagi o‘xshash kompaniyalar qanday baholanayotganiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

ipo, nilufar ruzieva, ubs

Kapital jalb qilish masalasida ham yondashuv o‘zgargan. Bugungi kompaniyalar odatda keyingi 18−24 oylik faoliyatni, ideal holatda esa foydaga chiqish davrigacha bo‘lgan ehtiyojni qoplaydigan hajmda mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, kompaniyalar bu jarayonni faqat mablag‘ yig‘ish vositasi sifatida emas, balki kapital tuzilmasini qayta shakllantirish imkoniyati sifatida ham ko‘rmoqda. Jalb qilingan mablag‘ning qarz yukiga ta’siri, ommaviy kompaniya sifatida kapital qiymatining shakllanishi, shuningdek, aksiyalarning kelgusida qo‘shilish va sotib olish bitimlari hamda xodimlarni rag‘batlantirish dasturlaridagi o‘rni — bularning barchasi bozorga chiqishdan oldingi strategiyaning muhim qismiga aylangan.

Shu sababli bugungi eng muvaffaqiyatli kompaniyalar IPO’ni oddiy moliyalashtirish vositasi emas, balki biznesning keyingi bosqichiga o‘tishni ta’minlaydigan strategik transformatsiya sifatida qabul qilmoqda.

Investorlar ishonchini yo‘qotish xavfi

Investorlar ishonchini qozonish qiyin, ammo uni yo‘qotish juda oson. Bunga jiddiy buxgalteriya xatolari, korporativ boshqaruvdagi kamchiliklar yoki qonunchilik talablarining qo‘pol buzilishi sabab bo‘lishi mumkin. Biroq amaliyotda ishonch ko‘pincha bitta yirik xato tufayli emas, balki ketma-ket takrorlanadigan kichik muammolar oqibatida yo‘qoladi.

Bunday holatlar odatda quyidagi vaziyatlarda kuzatiladi. Masalan, kompaniyaning va’dalarini muntazam bajarmasligi, investorlar bilan sust muloqot qilishi, strategiyani tez-tez o‘zgartirishi, kapitalni samarasiz taqsimlashi yoki yetarli darajada shaffof bo‘lmasligi investorlarning ishonchini asta-sekin yemiradi.

Shu sababli ommaviy kompaniya uchun ishonchni saqlash bir martalik vazifa emas, balki har bir qaror va har bir ochiqlik tamoyili orqali doimiy ravishda mustahkamlab boriladigan jarayon hisoblanadi.

Mablag‘ jalb qilish uchun nimalar qilish kerak?

Xalqaro tajriba — xususan Polsha, Vyetnam va BAA misoli, shuni ko‘rsatadiki, kapital bozorining to‘liq rivojlanishi uchun bir nechta muhim islohotlar zarur.

Birinchidan, derivativ moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish. 2026-yil iyun oyida taqdim etilgan “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bu borada muhim qadam hisoblanadi. Unda O‘zbekiston tarixida ilk bor opsionlar, fyucherslar, forvardlar va svoplar uchun huquqiy asos yaratilmoqda.

Bunday instrumentlar investorlarga valyuta kursi va narxlar o‘zgarishi bilan bog‘liq tavakkalchiliklardan himoyalanish imkonini beradi. Aynan shu vositalar yirik xalqaro institutsional investorlar uchun rivojlangan kapital bozorining ajralmas qismi hisoblanadi.

Ikkinchidan, rivojlangan bozorlarda kapital bozorining asosiy ishtirokchilari xususiy pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari va investitsiya fondlaridir. O‘zbekistonda esa bunday investorlar hali yetarli darajada shakllanmagan. Ularning uzoq muddatli kapitali fond bozoriga faol kirib kelmaguncha, bozorning likvidligi va chuqurligini sezilarli darajada oshirish qiyin bo‘ladi.

Uchinchidan, islom moliyasi instrumentlarini joriy etish. Xususan, sukuk chiqarish imkoniyatining yaratilishi Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyodagi investorlar uchun O‘zbekiston bozorini yanada jozibador qiladi. Bu nafaqat yangi kapital manbalarini jalb etishga, balki investorlar bazasini diversifikatsiya qilishga ham xizmat qiladi.

Biroq bozor infratuzilmasi rivojlangan taqdirda ham investorlarning qarori, avvalo, kompaniyaning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi.

Sarmoyadorlar uchun nima muhim: soha yoki biznes sifati?

Xalqaro investorlar uchun kompaniya faoliyat yuritayotgan tarmoqdan ko‘ra, avvalo biznesning sifati muhim. Kuchli menejment jamoasi, barqaror raqobat ustunligi, samarali korporativ boshqaruv, shaffof moliyaviy hisobot va uzoq muddatli o‘sish strategiyasi investorlar uchun trenddagi sohada ishlashdan ham muhimroq mezon hisoblanadi. Agar kompaniyaning biznes modeli mustahkam bo‘lsa va u aksiyadorlar uchun uzoq muddatli qiymat yarata olsa, investorlar turli tarmoqlarga sarmoya kiritishga tayyor.

Shu bilan birga, tarmoqlar bo‘yicha global tendensiyalar ham investorlar qaroriga ta’sir qiladi. Bugungi kunda eng ko‘p kapital jalb qilayotgan sohalar qisqa muddatli iqtisodiy sikllarga emas, balki uzoq muddatli tarkibiy o‘sish omillariga tayanadi. Jumladan, sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, hisoblash infratuzilmasi, telekommunikatsiya, energetika va mudofaa sanoati shular jumlasidandir.

O‘zbekiston misolida esa investorlar mamlakatning raqobat ustunligi mavjud bo‘lgan tarmoqlarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Bular qatoriga tog‘-kon sanoati va muhim minerallar, ayniqsa oltin va mis, energetika va qayta tiklanuvchi energiya, moliyaviy xizmatlar, telekommunikatsiya, logistika va transport, iste’mol bozori, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqatni qayta ishlash kiradi.

Iqtisodiyot diversifikatsiyalashgani sari dasturiy ta’minot, fintex va boshqa raqamli xizmatlar ham investorlar uchun tobora jozibador yo‘nalishlarga aylanishi kutilmoqda. Biroq qaysi tarmoq haqida gap ketmasin, investorlar uchun asosiy mezon o‘zgarmaydi: kuchli biznes modeli, sifatli boshqaruv va barqaror o‘sish salohiyati.

O‘zbekiston kapital bozori transformatsiyasi

Hozircha kapital bozorining asosiy drayveri davlat bo‘lib qolmoqda. Bozorga mahalliy va xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash uchun yirik va ishonchli kompaniyalarning ommaviy joylashtirilishi muhim. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yoki Uzbekistan Airways kabi milliy kompaniyalarning aksiyalarini xalqaro va mahalliy bozorlarda joylashtirish kapital bozori hajmini sezilarli kengaytirishi va O‘zbekistonning xalqaro fond bozori indekslariga kirish imkoniyatlarini oshirishi mumkin.

Yirik IPOlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun ularga talab yaratadigan ichki kapital ham bo‘lishi kerak. Buning uchun pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari va investitsiya fondlari kabi institutsional investorlar faol rivojlanishi zarur. Ular uzoq muddatli kapitalni fond bozoriga yo‘naltirsa, bozorning likvidligi va barqarorligi sezilarli darajada oshadi.

ipo, nilufar ruzieva, ubs

Bugungi kunda ko‘plab xususiy kompaniyalar hali ham bank kreditlari yoki xususiy investorlarini afzal ko‘rmoqda. Bunga birjada ishlash uchun zarur bo‘lgan yuqori shaffoflik talablari, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IFRS) o‘tish zarurati va bozor likvidligining nisbatan pastligi sabab bo‘lmoqda.

Shu bois O‘zbekiston kapital bozorining uzoq muddatli muvaffaqiyati nafaqat yirik IPOlarga, balki kuchli mahalliy investorlar va xususiy emitentlarning faol ishtirokiga ham bog‘liq.