O‘zbekneftgaz yangi quduqlarni ishga tushirish va mavjud quduqlarni kapital ta’mirlash hisobiga tabiiy gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirmoqchi. Bu vazifalar kompaniyaning Abdug‘ani Sanginov raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilandi.
Unda to‘qqiz oylik ishlab chiqarish-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi va yil oxirigacha amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.
To‘qqiz oylik davr yakunlanishiga 24 kun qolgan. Shu vaqt ichida kompaniya avgust va sentyabr oylarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan quduqlarni foydalanishga topshirishi kerak.
Bu gaz qazib olishni sutkasiga 3,9 mln kub metrga oshirish imkonini beradi. Yana 16 ta quduqni kapital ta’mirlash hisobiga sutkasiga 460 ming kub metr qo‘shimcha gaz olish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, kompaniya tabiiy gaz qazib olish sur’atlarini o‘tgan yilning mos davridagi darajada barqarorlashtirish va har bir kon, quduq hamda ishlab chiqarish obyektining ko‘rsatkichlarini nazorat qilishni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Qayta ishlash sohasida yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni amaldagi hajmga nisbatan 120% ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda neft mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash, avariyaviy to‘xtashlarning oldini olish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Kompressor stansiyalarini 1-oktabrgacha to‘liq tayyor holatga keltirish topshirildi.
Raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Kompaniyada E-KON, “Burg‘ilash markazi”, ERP va BI tizimlarini joriy etish, shuningdek, neft bazalarini raqamlashtirishni yakunlashning aniq muddatlari belgilandi.
“Biz raqamlashtirishni taqdimot va hisobotlarda emas, balki ishlab chiqarish samaradorligida ko‘rishimiz kerak”, — dedi Sanginov.
Bundan tashqari, 2027-yil uchun geologik qidiruv, geologik-texnik tadbirlar, qazib olish va ishlab chiqarish balansi, qurilish va investitsiya dasturlari hamda xaridlar portfelini tayyorlashni hozirdanoq boshlash topshirildi.
Kompaniya mahalliylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham vazifalarni belgiladi. Sanginov rejalar bajarilishini har kuni nazorat qilishni talab qilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha yakuniy natija uchun rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini ta’kidladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonga benzin importi fevral oyidan beri 13 barobardan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgandi.