Avgust oyida O‘zbekiston atigi 11,4 mln litr benzin import qildi. Bu fevral oyidagi 153,3 mln litr ko‘rsatkichdan 13,4 baravar kam. Bu haqda Spot o‘rgangan bojxona qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Benzin importining kamayishi fevraldan keyin boshlangan va ayniqsa may oyida tezlashgan: aprel oyidagi 140,5 mln litrdan mayda 72 mln litrgacha tushgan. Yoz oylarida esa pasayish davom etib, iyunda 50,7 mln, iyulda 18,6 mln va avgustda 11,4 mln litrni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 2026-yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston 721,5 mln litr benzin import qilib, buning uchun $437,4 mln sarflagan. 2025-yilning shu davrida esa 511 mln litr benzin $294,3 mlnga import qilingan. Shunday qilib, bir yil ichida import hajmi 210,4 mln litr yoki 41,2%, qiymati esa $143,1 mln yoki 48,6% ga oshgan.

Qiymat jihatidan ham xuddi shunday pasayish kuzatilgan: fevralda $89,2 mlnlik eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, martda $80,3 mln, aprelda $81 mln, mayda $45,5 mln, iyunda $36,9 mln, iyulda $16,5 mln va avgustda $11,4 mlnga tushgan.

Shunday qilib, olti oy ichida oylik benzin importining qiymati qariyb sakkiz baravar kamaygan.

benzin, benzin importi, neft mahsulotlari

Iyul oyining oxirida Rossiya hukumati benzin, dizel yoqilg‘isi, mazut va gazoyllarni eksport qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni yana olti oyga uzaytirdi. Taqiq 2026-yil 1-avgustdan 2027-yil 31-yanvargacha amal qiladi.

Avvalroq Energetika vazirligi Rossiya hukumati tomonidan joriy etilgan benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonga yetkazib beriladigan mahsulotlarga taalluqli emasligini bir necha bor ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasidagi yetkazib berishlarga ta’sir qilmaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyul oylarida 731,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (672,1 ming tonna) 8,9% ko‘p. Biroq o‘sishga qaramay, benzin ishlab chiqarish hajmi 2024-yil darajasidan (791,3 ming tonna) 7,5% pastligicha qolmoqda.

Importni diversifikatsiya qilish

Avgust oyining oxirida O‘zbekiston Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Energetika vazirligining Spot’ga bergan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar uglevodorod xomashyosini birgalikda qayta ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston benzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin va boshqa neft mahsulotlari yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda.

Variantlardan biri sifatida ikki davlat infratuzilmasidan foydalangan holda O‘zbekiston bozori uchun mahsulot ishlab chiqarish ko‘rib chiqilmoqda. Bu xomashyo yetkazib berish, uni qayta ishlash, texnologik tajriba almashish hamda logistika zanjirlarini yaratishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Ozarbayjon Markaziy Osiyo bozoridagi ishtirokini kengaytirishi, O‘zbekiston esa ichki bozorni ishonchli ta’minlashni kuchaytirishi mumkin. Bu rejalar Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning sentyabr boshidagi tashrifi davomida muhokama qilinadi.


Avvalroq Spot Rossiya dizel yoqilg‘isi eksportiga taqiqni sentabr oxirigacha uzaytirgani haqida yozgandi.