Rossiya hukumati benzin, dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoyllar eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni yana yarim yilga, ya‘ni 2026-yil 1-avgustdan 2027-yil 31-yanvargacha uzaytirdi. Tegishli qarorni RF hukumati imzoladi.
“Qaror ichki yoqilg‘i bozoridagi barqaror vaziyatni saqlab qolish maqsadida qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, 1-sentabrdan cheklovlar bevosita ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksport qilinadigan dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoyllarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berishlarga hamda Rossiya hukumati qarorlari asosida xorijiy davlatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun yoqilg‘i eksport qilishga taalluqli emas.
Rossiya avval ham ayrim turdagi yoqilg‘ilar eksportiga shunga o‘xshash cheklovlar joriy qilgan. 1-apreldan boshlab bozorning barcha ishtirokchilari uchun benzin eksportiga taqiq amal qilmoqda, u 31-iyulda yakunlanishi kerak edi, biroq yaqinda yana olti oyga uzaytirildi. Shuningdek, may oyi oxirida aviakerosin eksportiga 30-noyabrgacha, iyul oyi oxirigacha esa dizel yoqilg‘isi eksportiga to‘liq taqiq joriy etilgan.
Energetika vazirligi Rossiya hukumati tomonidan benzin eksportiga kiritilgan vaqtinchalik taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta‘sir qilmasligini avvalroq bir necha bor ma‘lum qilgan edi. Vazirlik cheklovlar hukumatlararo kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga daxl qilmasligini qayd etgan.
Spot, avvalroq, Qirg‘iziston taqchillik xavfi sabab neft, benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqlagani haqida yozgandi.