Rossiya aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Rossiya hukumatining tegishli qarori 30-may kuni qabul qilingan.
Reaktiv dvigatellar uchun yoqilg‘ini, shu jumladan birja savdolarida sotib olingan yoqilg‘ini Rossiyadan olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq 2026-yil 30-noyabrgacha amal qiladi.
Qabul qilingan qarorning maqsadi “ichki yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni ta’minlash” deb nomlangan.
Istisno, shu jumladan, havo kemalari tomonidan yo‘lda foydalaniladigan texnologik idishlardagi yoqilg‘iga, vaqtinchalik cheklov to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgunga qadar bojxona tartib-taomili ostida joylashtirilgan aviakerosin partiyalariga, shuningdek, hukumatlararo bitimlar doirasida yetkazib berishga tatbiq etiladi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, Rossiya tomonidan aviayoqilg‘i eksportiga kiritilgan taqiq O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmaydi. Mamlakatlar o‘rtasida hukumatlararo bitim amal qiladi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Bundan tashqari, Rossiya 1-apreldan “narxlarni barqarorlashtirish va ichki bozorni ustuvor ta’minlash” uchun benzin eksportini taqiqladi. Cheklov 31-iyulgacha amal qiladi va bozorning barcha ishtirokchilariga ta’sir qiladi.
Ilgari amaldagi hukumatlararo kelishuv tufayli shunga o‘xshash taqiqlar O‘zbekistonga taalluqli emas edi.
O‘tgan hafta prezident transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishib, fuqaro aviatsiyasi korxonalarini aviayoqilg‘i bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqqandi. Aeroportlardagi yoqilg‘i quyish majmualarining umumiy sig‘imi 49 ming tonnani tashkil etadi.
2030-yilga borib aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga, uni saqlash quvvatini esa 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Buning uchun Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi omborxonalar quriladi.
“Iqtisodiy sharh” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Rossiyadan import hajmi $8,6 mlrdni tashkil etgan. Shu bilan birga, mineral yoqilg‘i barcha yetkazib berishlarning 27,5%ini yoki qariyb $2,36 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq Centrum Air aviayoqilg‘i qimmatlashuvi sabab ayrim xalqaro reyslar narxini oshirayotgani haqida xabar berilgandi.