Rossiya hukumati dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoyl eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni ham o‘z ichiga olgan holda bozorning barcha ishtirokchilariga tatbiq etdi. Tegishli qaror 8-iyul kuni imzolandi.

Rossiya hukumati tushuntirishicha, bu qaror ichki yoqilg‘i bozorini barqarorlashtirish uchun qabul qilingan.

Cheklovlar 2026-yil 31-iyulgacha amal qiladi. Bunda taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshiriladigan dizel yoqilg‘isini yetkazib berishga tatbiq etilmaydi.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi mavjud vaziyat fuqarolarni tashvishga solayotganini, eksportni taqiqlash esa ichki bozorga yoqilg‘i yetkazib berish hajmini oshirish imkonini berishini aytdi.

“Bugun dizel yoqilg‘isi eksportiga taqiq joriy etildi va bu ichki bozorga yetkazib berishni ko‘paytirish imkonini beradi”, — dedi Novak.

dizel, eksport, rossiya, taqiq

Dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik taqiq yanvar oyi oxirida joriy etilgan edi, biroq hozirgacha faqat yoqilg‘i ishlab chiqarmaydigan kompaniyalarga taalluqli edi. Yangi qaror uning ta’sirini butun bozorga, shu jumladan ishlab chiqaruvchilarga ham kengaytiradi.

Rossiya boshqa yoqilg‘i turlariga nisbatan ham xuddi shunday choralarni ko‘rgan. 1-apreldan 31-iyulgacha barcha bozor ishtirokchilari uchun benzin eksportini taqiqlash, may oyi oxirida esa 30-noyabrgacha aviakerosin eksportini taqiqlash joriy etildi.

Ikkala holatda ham cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmadi, chunki ularga ikki davlat o‘rtasidagi amaldagi hukumatlararo bitimlarda nazarda tutilgan istisnolar tatbiq etiladi.


Avvalroq Spot Qirg‘izistonda AI-95 narxini davlat tomonidan belgilash bekor qilingani haqida yozgandi.