Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi AI-95 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechishga qaror qildi. Bu haqda TACC nashri xabar berdi.

Nashr tanishgan Hujjatda aytilishicha, Qirg‘izistonda narxlari vaqtincha davlat tomonidan tartibga solinishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatidan AI-95 benzini chiqarib tashlanadi.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati yoqilg‘i-moylash mahsulotlari uchun maksimal chakana narx belgilash tartibini bekor qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, aholini yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash va milliy iqtisodiyot subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.

Joriy yil bahorida Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat keskinlashgach, Qirg‘iziston hukumati benzin va dizel narxlari oshib ketishining oldini olish uchun yoqilg‘i yetkazib beruvchilarni subsidiyalashga qaror qilgan edi.

Hozirda Qirg‘iziston bozoriga neft mahsulotlarining 90−95%i Rossiyadan import qilinadi. Mamlakatdagi AI-92 benzini zaxirasi taxminan 3−4 haftaga yetadi.

Shu sababli hukumat yoqilg‘i taqchilligini oldini olish maqsadida Belarus, Qozog‘iston va Xitoy bilan ham yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Iyul oyi boshida Qirg‘iziston yoqilg‘i muammosi bo‘yicha O‘zbekiston va yana besh davlatga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.

Yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida Qirg‘iziston Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonning vakolatli davlat organlariga rasmiy murojaatlar yubordi.

Shu bilan birga, yoqilg‘i yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-iyundan ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinishi haqida yozgandi.