Qirg‘iziston Energetika vazirligi yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar sabab O‘zbekiston va yana besh davlatga murojaat qildi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, ichki yoqilg‘i-moylash materiallari bozorini barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda, yetkazib berish esa avval tuzilgan shartnomalar asosida uzluksiz davom etmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistika xatarlari va neft narxining oshishi mamlakat ichki bozoriga ham ta’sir qilayotganini tan oldi. Bunga sabab Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallarining asosiy qismini import qilishi hisoblanadi.
Yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida Qirg‘iziston Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonning vakolatli davlat organlariga rasmiy murojaatlar yubordi. Shu bilan birga, yoqilg‘i yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati ichki ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Erlist Akunbekov va energetika vaziri Altinbek Risbekov Jalolobod viloyatidagi Qirg‘izneftgaz korxonasiga tashrif buyurib, bozorni neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash choralarini kuchaytirishni topshirdi.
Prezidentning maxsus vakili Bakit Torobayev Chuy viloyatidagi Junda neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, korxona rahbariyatiga benzin ishlab chiqarish hajmini oshirishni topshirdi.
Shunga o‘xshash vaziyat O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida AI-92 markali avtomobil benzini narxi tarixdagi eng yuqori darajaga yetdi.
Xususan, 29-iyun kuni AI-92 benzini narxi bir tonna uchun 13,919 mln so‘mga yetdi. Iyun oyi boshidan buyon yoqilg‘i narxi qariyb 11,8% ga oshgan. Narxdagi keskin o‘sish oyning birinchi yarmida kuzatildi: 4−8-iyun kunlari orasida bir tonna benzin narxi 12,476 mln so‘mdan 13,788 mln so‘mga ko‘tarilib, 10,5% ga qimmatlashgan.
Narxlarning keskin oshishi Rossiyada Ukraina dronlari hujumlaridan keyin neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilmagan ta’mirlash ishlari sabab yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, 1-apreldan Rossiyada benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy etilgan. Biroq bu cheklov hukumatlararo bitimlar asosidagi yetkazib berishlarga tatbiq etilmaydi, shu bois u O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi.
Avvalroq Spot Lufthansa yoqilg‘ini tejash uchun 20 mingta reysni bekor qilishi haqida yozgandi.
Germaniya aviakompaniyasi may oyidan oktabrgacha parvozlar jadvalidan jami 20 mingta yaqin masofali reys olib tashlaydi.