O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida AI-92 markali avtomobil benzinining narxi tarixiy rekordni yangiladi. Bu haqda Spot o‘rgangan birja savdolari ma‘lumotlari dalolat bermoqda.
29-iyun kuni AI-92 benzinining bir tonnasi uchun narx 13,919 mln so‘mga yetdi (1,1% o‘sish) — bu yangi mutlaq rekorddir. Iyun oyi boshidan buyon yoqilg‘i 1,473 mln so‘mga yoxud qariyb 11,8% ga qimmatlashdi.
Narxlarning keskin o‘sishi oyning birinchi yarmida yuz berdi: 4-iyun kuni bir tonna benzin 12,476 mln so‘m turgan bo‘lsa, 8-iyunga kelib uning narxi to‘rt kun ichida 10,5% ga oshib, 13,788 mln so‘mga yetdi. Keyingi ikki hafta davomida narx 13,7−13,8 mln so‘m oralig‘ida tebranib turdi, 29-iyunga kelib esa yana ko‘tarilib, tarixiy maksimumga chiqdi.
Narx o‘sishi bilan bir vaqtda birjadagi yoqilg‘i taklifi hajmi ham qisqardi: 1-iyunda 3791 tonna benzin taklif etilgan bo‘lsa, 23-iyunga kelib bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga kamayib, 1898 tonnani tashkil etdi. 29-iyunga kelib taklif hajmi yana 3123,2 tonnagacha oshgan bo‘lsa-da, narx pasaymadi.
Narxlarning keskin sakrashi Ukraina dronlari zarbalaridan so‘ng neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta‘mirlash ishlari olib borilishi tufayli Rossiya bozorida yuzaga kelgan yoqilg‘i tanqisligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, Rossiyada 1-apreldan benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy etilgan. Biroq, bu cheklov hukumatlararo kelishuvlar asosida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga taalluqli emas, shu bois O‘zbekistonga tatbiq etilmaydi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 40 ta zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.