Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi AQSH va Isroilning Eron bilan urushi sabab aviayoqilg‘i narxlarining keskin oshgani tufayli 2026-yil mayidan oktabrgacha 20 mingta reysni qisqartirishini e’lon qildi. Bu haqda aviatashuvchi o‘z press-relizida ma’lum qildi.

“Oktabr oyigacha parvozlar jadvalidan jami 20 mingta yaqin masofali reys olib tashlanadi. Bu Eron bilan ziddiyat boshlanganidan beri narxi ikki barobarga oshgan qariyb 40 ming metrik tonna aviayoqilg‘iga tengdir”, — deyiladi aviakompaniya xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu o‘zgartirishlar, birinchi navbatda, rentabelligi past bo‘lgan yaqin masofali yo‘nalishlarga ta’sir qiladi.

Marshrutlar tarmog‘ini optimallashtirish Lufthansa Group’ning Frankfurt, Myunxen, Syurix, Vena, Bryussel va Rimdagi oltita asosiy markazi atrofida amalga oshiriladi.

Yozgi mavsum jadvali bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar aprel oyining oxiri yoki may oyining boshlarida kutilmoqda. Lufthansa ta’kidlashicha, ular vaziyatni barqarorlashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda, jumladan, yoqilg‘ini jismoniy xarid qilish va narxlarni xedjirlash.

Neft narxining oshishi Yaqin Sharqdagi mojaro va dunyo neft yetkazib berishining 20%igacha va suyultirilgan tabiiy gazning 30% dan ortig‘i o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi bilan bog‘liq.

Shu fonda butun dunyo bo‘ylab aviatashuvchilar parvozlarni qisqartirishga va tariflarni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda.

United Airlines bosh direktori Skott Kirbi aviakompaniyaning yoqilg‘i uchun ortgan xarajatlarini qoplash maqsadida aviachiptalar narxi 20% ga oshishi kerakligini ma’lum qildi.

Reuters nashrining qayd etishicha, ayrim aviakompaniyalar yoqilg‘i yig‘imlarini joriy etgan yoki oshirgan.

Masalan, Gonkongning Cathay Pacific aviakompaniyasi 2026-yilning mart oyida bu ishni ikki marta amalga oshirdi. Endi Sidney-London-Sidney yo‘nalishi bo‘yicha parvoz uchun $800 miqdorida yoqilg‘i yig‘imi undiriladi.

Yaqin Sharqdagi mojaro boshlangunga qadar bu yo‘nalish bo‘yicha borish-kelish chiptalari narxi o‘rtacha $1370 ni tashkil etgan bo‘lsa, endi bu summaga yoqilg‘i yig‘imi ham qo‘shildi, deb qayd etadi nashr.

Aprel oyi boshida Centrum Air aviayoqilg‘i qimmatlashuvi sabab ayrim xalqaro reyslar narxini oshirayotgani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yoqilg‘i yig‘imlarining oshishi operatsion xarajatlar sezilarli darajada oshgan alohida muntazam yo‘nalishlarga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Avvalroq Yevropa aviakompaniyalari Yevropa Ittifoqidan Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli sohani qo‘llab-quvvatlash choralarini, jumladan soliqlarni bekor qilishni so‘ragani haqida xabar berilgandi.

Lufthansa, Air France, British Airways va Yevropaning boshqa yirik aviakompaniyalari manfaatlarini himoya qiluvchi assotsiatsiya Yevropa Ittifoqiga vaqtinchalik qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish so‘rovi bilan murojaat qilgan.