Yevropa aviakompaniyalari Yevropa Ittifoqidan Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli sohani qo‘llab-quvvatlash choralarini, jumladan soliqlarni bekor qilishni so‘radi, deb yozadi Bloomberg.
Lufthansa, Air France, British Airways va Yevropaning boshqa yirik aviakompaniyalari manfaatlarini himoya qiluvchi assotsiatsiya Yevropa Ittifoqiga vaqtinchalik qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish so‘rovi bilan murojaat qilgan.
Ular orasida aviatsiya soliqlarini bekor qilish, yoqilg‘i mavjudligini nazorat qilish hamda bortida qo‘shimcha yoqilg‘i olib yuradigan aviakompaniyalarga imtiyozlar berish takliflari bor.
Bundan tashqari, ular hozirda asosan AQSHda ishlatiladigan “Jet A” rusumli yoqilg‘idan foydalanishga ruxsat so‘ramoqda.
Ushbu choralar “vaziyatdan omon chiqib olish” va “kelajakni rejalashtirish"ga yordam berishi kerak, deydi assotsiatsiya.
Aviatsiya yoqilg‘isi bilan bog‘liq muammolar Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvi va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi sababli yuzaga keldi, bu esa o‘z navbatida neft narxining oshishiga olib keldi.
Reuters yozishicha, bu holat ko‘plab aviakompaniyalarni tariflarni oshirishga, reyslar sonini qisqartirishga, yoqilg‘i quyish uchun qo‘shimcha to‘xtashlar qilishga va bortga ortiqcha yoqilg‘i zaxiralarini olishga majbur qilgan.
2026-yilning mart oyida Yevropa kompaniyalari yoqilg‘i narxi oshishini yo‘lovchilar zimmasiga “yuklashga” majbur bo‘lishlarini ma’lum qildi.
Agar mojaro yozgacha yakunlansa, narxlarni kamida 4% ga oshirishga to‘g‘ri keladi. Agar u uzoqroq davom etsa, chiptalar narxi yanada ko‘tariladi.
10-aprel kuni tashuvchilar, agar bo‘g‘oz uch hafta ichida ochilmasa, soha yoqilg‘i tanqisligiga duch kelishi haqida ogohlantirdi.
Bu esa aviakompaniyalar va aeroportlar faoliyatida uzilishlarga olib kelib, Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga “jiddiy zarar” yetkazishi ta’kidlandi.
Avvalroq aviakompaniyalar neft qimmatlashuvi sabab chipta narxlarini oshirayotgani haqida xabar berilgandi.
Yaqin Sharqdagi ziddiyat va neft narxi oshishi fonida United Airlines chiptalarni 20%ga qimmatlashtirishni rejalashtirmoqda, Cathay Pacific esa mart oyida narxlarni ikki marta oshirdi.