Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi neft va neft mahsulotlarini avtomobil hamda temiryo‘l transportida eksport qilishni muddatsiz taqiqladi.
Tegishli o‘zgartirishlar yoqilg‘i importi va eksportini tartibga soluvchi hukumat qarorlariga kiritildi.
24.kg nashrining yozishicha, avval taqiq ma’lum muddatgacha amal qilgan bo‘lsa, endilikda u ichki bozor neft mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlangunga yoki YeOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi)ning yagona neft va neft mahsulotlari bozori shakllanguniga qadar kuchda qoladi.
Taqiq neft, benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlari eksportiga tatbiq etiladi.
Nafta, mazut va pech yoqilg‘isi bundan mustasno bo‘lib, ular Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan qayta ishlash mahsulotlarini keyinchalik qaytarish sharti bilan mamlakatdan tashqarida qayta ishlash bojxona tartibi doirasida olib chiqilishi mumkin.
Chegarani kesib o‘tishda transport vositalarining shtat baklaridagi yoqilg‘iga ham cheklovlar tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston hukumati ayrim turdagi neft va neft mahsulotlarini avtomobil transportida import qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqdan istisno muddatini 2027-yil 1-aprelgacha uzaytirdi.
Vazirlar Mahkamasi bu o‘zgarishlar ichki bozor barqarorligini ta’minlash, neft mahsulotlari taqchilligining oldini olish, mamlakatning energetik xavfsizligini mustahkamlash hamda ichki ehtiyojlarni uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlashga qaratilganini bildirdi.
Qaror yoqilg‘i yetkazib berishdagi muammolar fonida qabul qilindi. Qirg‘izistonga yoqilg‘i-moylash materiallarining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Rossiya avvalroq benzin va boshqa neft mahsulotlari eksportini vaqtincha cheklagan edi.
Qirg‘iziston hukumati yoqilg‘i importini subsidiyalash mexanizmini, narxlarni davlat tomonidan tartibga solish va importchilar uchun soliq imtiyozlarini joriy etdi, shuningdek, muqobil ta’minot manbalarini izlamoqda.
Bundan tashqari, yaqinda Qirg‘iziston Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonga vaziyatni barqarorlashtirish uchun yoqilg‘i yetkazib berishni ta’minlashda ko‘maklashish iltimosi bilan rasman murojaat qildi.
Shu bilan birga, respublika importni diversifikatsiya qilish va neft mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha yangi rekord qayd etilgani haqida yozgandi.