O‘zbekistonda 13-iyul kuni yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni mamlakatda 281,5 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Sutkalik iste‘mol esa 278,6 mln kVt·soatni tashkil etgan.

Bu avval qayd etilgan yozgi rekorddan 6 mln kVt·soatga yoki 2,2%ga ko‘pdir. Bungacha eng yuqori ko‘rsatkich 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda bir sutkalik iste‘mol 272,6 mln kVt·soatni tashkil qilgan edi.

Energetika vazirligi havo haroratining yuqori bo‘lib qolayotgani sabab yaqin kunlarda elektr energiyasi iste‘moli hamda tizim yuklamasi bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilishi mumkinligini bildirdi.

Yuqori yuklama davrida elektr ta‘minoti barqarorligini saqlash maqsadida energetika korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan. Hududlarda navbatchilik asosida faoliyat yuritayotgan maxsus avariya-ta‘mirlash brigadalari elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish uchun safarbar qilingan.

Vazirlik ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi texnik nosozliklar sabab elektr ta‘minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkinligini qayd etdi. Bunday holatlarda iste‘molchilar 1154 qisqa raqami, hududiy elektr ta‘minoti korxonalari yoki mahallalardagi Telegram guruhlari orqali qo‘shimcha ma‘lumot olishlari mumkin.

Shuningdek, vazirlik fuqarolarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga chaqirdi. Xususan, eng yuqori yuklama soatlarida zarur bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish, ta‘minot barqarorligini saqlash va uzilishlarning oldini olishga yordam berishi ta‘kidlandi.

Bir kun avval O‘zbekistonda jazirama issiq tufayli elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yaqinlashishi kutilayotgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda elektr ta’minotidagi avariyalar bo‘yicha maxsus komissiya ish boshlagani haqida yozgandi.