O‘zbekistonda jazirama issiq tufayli elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yaqinlashishi kutilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Energetika vazirligida yoqilg‘i-energetika tizimini anomal issiqlik davriga tayyorlash, uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash va energiya resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga bag‘ishlangan Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Kutilayotgan issiq kunlarda mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt·soat, maksimal yuklama esa 13−13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Shu bois barcha tizim korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar belgilandi.


Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.
Mazkur talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, O‘zenergoinspeksiya hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika obyektlari va yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan o‘rganishlar tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur obyektlarda yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat reydlari o‘tkaziladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Yaponiya magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar qurilishini muhokama qilgani haqida yozgandi.
Hozirda ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati $2,6 mlrd bo‘lgan oltita loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qiymati $7,7 mlrdlik yana yettita yangi loyiha ishlab chiqilmoqda.

