Toshkentda elektr energiyasida kuzatilgan avariyaviy uzilishlar yuzasidan maxsus komissiya ish boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikda yoqilg‘i-energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, energiya ta’minoti barqarorligi, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbariyati ishtirok etdi. Yig‘ilishda yuqori havo harorati sharoitida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, yozda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘lishi kutilayotgani qayd etildi. Shu bois elektr tarmoqlari va podstansiyalar ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda brigadalarning doimiy shay holatda bo‘lishi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Toshkentda kuzatilgan elektr ta’minotidagi avariyalar yuzasidan maxsus komissiya ish boshlagani ma’lum qilindi. Komissiya avariyalar sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlarining sifati va avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini o‘rganadi.
Yig‘ilishda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, call-markazlar faoliyatini kuchaytirish hamda avariyaviy holatlar bo‘yicha aholini o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi.




Energiya samaradorligini oshirish borasida elektr va gazni tejash rejalari tahlil qilinib, ayrim yirik korxonalarda energiya resurslaridan samarasiz foydalanish holatlari “keskin tanqid qilindi”. Mas’ullarga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eski uskunalarni yangilash va tejashni ta’minlash topshirildi.
Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklar ham tanqidiy muhokama qilindi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha qarorlar ijrosini ta’minlamayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, aniq choralar ko‘rish vazifasi belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari tanqid qilinib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz yondashuv zarurligi ta’kidlandi. Korrupsiya uchun sudlangan barcha xodimlar ishdan bo‘shatilishi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tizim korxonalari rahbarlari attestatsiyadan o‘tkazilishi hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qiluvchi maxsus kengash tashkil etilishi belgilandi.




Bundan tashqari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz infratuzilmasini ta’mirlash, avariyaviy zaxiralarni shakllantirish hamda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston GTL zavodidan Qora dengiz portlariga nafta eksportini boshlagani haqida yozgan edi.







