Uzbekistan GTL O‘rta yo‘lakdan foydalangan holda Qora dengiz portlari orqali xalqaro bozorlarga nafta yetkazib berishni boshladi. Bu haqda O‘zbekneftgaz Spot‘ga ma‘lum qildi.
Ma‘lum qilinishicha, eksport Ozarbayjonning SOCAR va Turan Energy AFEZCO kompaniyalari bilan strategik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Gap Gas-to-Liquids texnologiyasi asosida ishlab chiqariladigan mahsulot — GTL naftasi haqida bormoqda.
Qayd etilishicha, bu hamkorlik yangi logistika imkoniyatlarini ochadi va “Gas-to-Liquids texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlarga jahon bozorlarida qiziqish ortib borayotganini” namoyon etadi.
Avvalroq Ozarbayjonning Report axborot agentligi SOCARning xalqaro biznesni rivojlantirish departamenti rahbari To‘g‘rul Ko‘charliga tayanib, O‘zbekiston naftasini jo‘natish boshlangani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashish uchun asosiy chiqish nuqtasi sifatida Gruziyaning Kulevi porti xizmat qiladi.
Ko‘charli, shuningdek, Ozarbayjon an‘anaviy tarzda har yili Qozog‘iston va Turkmanistondan xalqaro bozorlarga qariyb 4 mln tonna neft jo‘natishini va joriy yildan boshlab ular qatoriga O‘zbekiston ham qo‘shilganini ta‘kidladi.
“Bu yildan boshlab ushbu ro‘yxatga O‘zbekistonni ham qo‘shganimizni mamnuniyat bilan ma‘lum qilaman. SOCAR Trading O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlaridan biri bo‘lgan naftani (to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydalgan benzin) jo‘natishni boshladi va uni ham Qora dengiz portlariga yetkazib bermoqda”, — deya qo‘shimcha qildi SOCAR vakili (iqtibos Report agentligidan olingan).
Spot, avvlaroq, O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatlagani haqida yozgandi.