O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon ko‘mir, neft, tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olish hajmi kamaygan. Bu Milliy statistika qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

2026-yil yanvar-iyul oylarida 731,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,9% ko‘p (672,1 ming tonna). Biroq ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 7,5% pastligicha qolgan.

Uglevodorodlar qazib olish hajmi ham pasayishda davom etmoqda. Yetti oyda 21,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi, bu 2025-yilga nisbatan 15% kam. Neft qazib olish 368,7 ming tonna (-2,7%), gaz kondensati 567,5 ming tonna (-15%)ni tashkil etdi.

2024-yilning shu davriga nisbatan gaz qazib olish 17,9% ga, neft 13,2% ga, gaz kondensati esa 21,8% ga kamaygan.

Shu bilan birga, portlandsement va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish o‘sishda davom etgan. Yanvar-iyul oylarida 12,1 mln tonna portlandsement ishlab chiqarilib, yillik o‘sish 0,8% ni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 33% ko‘p.

Dizel ishlab chiqarish 683,4 ming tonnaga yetdi. Bu 2025-yilga nisbatan 1,4%, 2024-yilga nisbatan esa 9,4% ko‘p.

Yanvar-iyul oylarida ko‘mir qazib olish 3,5 mln tonnagacha qisqardi. Bu 2025-yilga nisbatan 12,5% kam, 2024-yil darajasiga teng.

Shu davrda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,4% ga oshib, 52,5 mlrd kVt·soatga yetdi. O‘sish asosan kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga ta’minlandi — ular elektr ishlab chiqarishni 35,1% ga oshirib, 17,25 mlrd kVt·soatga yetkazgan.

Yirik korxonalarda esa elektr energiyasi ishlab chiqarish 3,6% ga kamayib, 35,25 mlrd kVt·soatni tashkil etdi.

Bundan tashqari, yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 18,3% ga kamayib, 10,12 mln Gkalni tashkil etdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida yozgandi.