Rossiya hukumati ichki yoqilg‘i bozoridagi barqarorlikni ta’minlash maqsadida dizel va kema yoqilg‘isi, shuningdek, gazoylni ishlab chiqaruvchilarning bevosita eksport qilishiga qo‘yilgan taqiqni 2026-yil 30-sentabrgacha uzaytirdi. Qaror 28-avgust kuni qabul qilindi.

Rossiyada yoqilg‘i eksportiga qo‘yilgan umumiy taqiq 2027-yil 31-yanvargacha amal qiladi. Biroq dizel, kema yoqilg‘isi va gazoylning bevosita ishlab chiqaruvchilari uchun avval istisno mavjud bo‘lib, ularga nisbatan cheklovlar 31-avgustgacha amal qilishi belgilangan edi.

Shu sababli ushbu yoqilg‘i turlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksport qilish 1-sentabrdan qayta tiklanishi kerak edi. Yangi qaror bilan esa taqiq muddati yana bir oyga — 30-sentabrgacha uzaytirildi.

Shu bilan birga, 1-avgustdan joriy etilgan umumiy taqiq xalqaro hukumatlararo kelishuvlar doirasidagi yoqilg‘i yetkazib berishlariga, shuningdek, Rossiya hukumati qarorlariga muvofiq xorijiy davlatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun eksport qilinadigan yoqilg‘iga tatbiq etilmaydi.

Avvalroq Energetika vazirligi Rossiyaning yoqilg‘i eksportiga qo‘ygan cheklovlari hukumatlararo kelishuvlar doirasida O‘zbekistonga amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga ta’sir qilmasligini bir necha bor ma’lum qilgan.

Rossiya boshqa yoqilg‘i turlari eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni ham uzaytirgan. Jumladan, benzin eksportiga barcha bozor ishtirokchilari uchun taqiq 2027-yil 31-yanvargacha, aviakerosin eksportiga cheklov esa 2026-yil 30-noyabrgacha amal qiladi.