O‘zbekistondagi 315 mingdan ortiq tadbirkor penya to‘lashdan ozod etildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Bu prezidentning PF-175-sonli farmonida belgilangan bo‘lib, hujjat bilan kichik va o‘rta biznes uchun “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasi joriy etildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrgacha yuzaga kelgan soliq qarzini yil oxirigacha to‘liq to‘lagan tadbirkorlarning penyasi bekor qilinadi. Shuningdek, ularga nisbatan yuritilayotgan ijro ishlari tugatiladi.
Mazkur toifadagi 315,2 ming tadbirkorning 9,5 trln so‘m soliq qarzi va 1,5 trln so‘m penyasi mavjud.
Bundan tashqari, soliq hisobotidagi xatoni mustaqil ravishda tuzatib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni yil oxirigacha to‘lagan tadbirkorlarga ham penya hisoblanmaydi.
Shuningdek, 2019−2025-yillarda to‘plangan 1,6 trln so‘mlik ayrim jarima qarzlari hamda aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 39,8 mlrd so‘mlik jarima qarzlari hisobdan chiqariladi.
Ikkinchi imkoniyatdan foydalanish uchun soliq qarzini 2026-yil 31-dekabrgacha to‘liq to‘lash kerak.
Spot, avvalroq, tadbirkorlarga jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.