Xitoy regulyatorlari ilk bor ishlab chiqilishida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan dori vositasini tijoriy ishlab chiqarishga ruxsat berdi. Bu haqda Global Times xabar berdi.
“Xitoyda sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqilgan birinchi innovatsion dori vositasi bozorga chiqarish uchun tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.
Yangi dori Mprosevir deb nomlangan. Uni Sihu universiteti tadqiqotchilari, shuningdek, universitet bilan bog‘liq ilmiy va farmatsevtika tashkilotlari mutaxassislari ishlab chiqqan. Preparat COVID-19 kasalligini yengil va o‘rtacha darajada o‘tkazayotgan kattalar uchun mo‘ljallangan.
Preparatning asosini virusning 3CLpro fermenti ingibitori tashkil etadi. Ushbu oqsil SARS-CoV-2 koronavirusining ko‘payishi uchun zarur. Shu sababli uni bloklash virusning organizmda tarqalish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Tegishli molekulani izlash uchun olimlar DNK bilan kodlangan birikmalar kutubxonasi (DEL) texnologiyasidan foydalangan. Bu usul bir vaqtning o‘zida juda ko‘p miqdordagi potensial dori moddalarini tadqiq qilish imkonini beradi. Tadqiqotchilar ixtiyorida qariyb 49 mlrd birikmadan iborat kutubxona bo‘lgan.
Dastlab DEL yordamida mutaxassislar 100 dan ortiq istiqbolli nomzodni aniqlagan. Shundan so‘ng tanlovni qisqartirishda sun’iy intellekt algoritmlaridan foydalanilgan. Kompyuter tahlili natijalari keyinchalik laboratoriya tadqiqotlari ma’lumotlari bilan solishtirilgan.
Olimlar SI va eksperimental usullarni birgalikda qo‘llash orqali istiqbolli molekula tuzilmasini optimallashtirib, keyingi ishlab chiqish uchun eng maqbul birikmani aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Dori nomzodini dastlabki izlashdan klinik sinovlar yakunigacha bo‘lgan butun jarayon taxminan uch yarim yil davom etgan.
Avvalroq Spot Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlarga soliq solishni taklif qilgani haqida yozgandi.
Uning fikricha, soliqdan tushgan mablag‘lar ishini yo‘qotganlarni qayta tayyorlash, ijtimoiy himoya va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi mumkin.