Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlarning inson mehnatini almashtirishi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni yumshatish uchun ulardan soliq undirishni taklif qildi.
Geytsning fikricha, kompaniya xodim yollaganida ish haqi va boshqa soliqlarni to‘laydi. Biroq inson bajaradigan vazifani robot yoki SI tizimi bajarsa, kompaniya bunday xarajatlardan qutulishi mumkin. Shu sababli u inson mehnati va avtomatlashtirish o‘rtasidagi soliq farqini kamaytirish kerakligini aytmoqda.
Geyts robotlardan tashqari, SI tizimlarining foydalanish hajmini, jumladan SI tokenlarini ham soliqqa tortish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Uning fikricha, bunday soliqdan tushadigan mablag‘lar texnologiyalar sabab ishini yo‘qotgan odamlarni qayta tayyorlash, ijtimoiy himoya va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilishi mumkin.
Tadbirkor AI kelajakda nafaqat ofisdagi aqliy mehnat, balki qurilish, xizmat ko‘rsatish va boshqa jismoniy ishlarni ham avtomatlashtirishi mumkinligini ta’kidlagan. Shu sababli ayrim kasblar qisqarishi yoki butunlay yo‘qolishi ehtimoli bor.
Geyts ayrim ishlarni esa ataylab odamlar uchun saqlab qolish kerakligini ham aytgan. Uning fikricha, bolalar parvarishi, tibbiyot, ta’lim va insoniy muloqot muhim bo‘lgan boshqa sohalarda odamlarning ishtiroki zarur bo‘lib qoladi.
Bu Geytsning robotlarga soliq solish haqidagi birinchi taklifi emas. U mazkur g‘oyani 2017-yilda ham ilgari surgan edi.
O‘sha paytda Geyts robot insonning ishini bajarsa, robotdan olinadigan soliq orqali davlat budjetiga tushumlarni saqlab qolish va avtomatlashtirish oqibatlarini yumshatish mumkinligini aytgandi.
Biroq bunday soliqni amalda qanday joriy qilish masalasi murakkab. Chunki SI kompaniyaning xodimini to‘liq almashtiryaptimi yoki shunchaki uning unumdorligini oshiryaptimi, buni aniqlash qiyin.
Mutaxassislar haddan tashqari soliq texnologik innovatsiyalarni sekinlashtirishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda.
Geytsning asosiy maqsadi SI rivojlanishini to‘xtatish emas, balki texnologiyadan olinadigan iqtisodiy foydaning bir qismini jamiyatga qaytarish va SI sabab ishini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan odamlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Avvalroq Bill Geyts sun’iy intellekt rivojining chegarasi yo‘q va u terrorizm quroliga aylanishi mumkinligi haqida aytgandi.
Microsoft asoschisi SI va robotlar rivojlanishi inson darajasidan oshmasdan turib to‘xtab qolmasligini, undan yomon niyatlarda foydalanish ehtimoli borligini qayd etdi