Ekoasfalt — 450−500 yilda parchalanadigan plastik idishlarni qayta ishlab, asfalt tarkibiga qo‘shish orqali yo‘l qoplamasining chidamliligini oshirishni maqsad qilgan loyiha. Uning asoschisi Muqaddam Mirjamalova dastlab yo‘llardagi nosozliklar sababli sifatli asfalt yotqizish kerak degan g‘oya bilan ish boshlagan bo‘lsa, biroz muddatdan keyin bu fikr startapga, startap esa amaliyotda o‘z foydasini ko‘rsatadigan real loyihaga aylangan.

Muqaddam 1996-yil 31-dekabrda Toshkent viloyati Parkent tumani Nomdanak qishlog‘ida tug‘ilgan. 2016−2020-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filialida tahsil olgan. Keyinchalik Toshkent kimyo-texnologiya institutining Kimyo-texnologik jarayonlar va qurilmalar kafedrasida magistratura bosqichini tamomlagan. 2025-yilda esa Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining tayanch doktoranturasiga qabul qilingan.

U 2021-yildan beri asfalt sifatini saqlab qolgan holda, uning tarkibidagi bitum ulushini 15% gacha kamaytiradigan — plastik chiqindilardan asfalt olish g‘oyasi ustida ishlamoqda. 2024-yilda esa o‘zining ilk tajriba yo‘l qoplamasi prototipini sinovdan o‘tkazgan. Loyiha doirasida sentabr oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 1 km uzunlikdagi yo‘l qismida tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 2025-yil 29-dekabr kuni u Ecoasfalt MChJga asos solgan.

Muqaddam Spot’ga ushbu loyiha, uning qanday yaratilgani va sinov jarayoni haqida so‘zlab berdi.


Loyiha g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?

Barchasi biroz kulgili va kutilmagan tarzda boshlangan. 2016-yilda haydovchilik guvohnomasini olib, ilk bor mashina boshqarganman. O‘zimga bo‘lgan ishonch bilan ketayotgan paytimda yo‘lda katta chuqurlikka tushib ketganman. O‘sha vaziyatda chuqurlikni aylanib o‘tgunimcha zo‘rg‘a tormoz berib to‘xtaganman.

O‘shanda judayam jahlim chiqqan: “Nima uchun yo‘llarimiz ahvoli bunday? Nega boshqa joylarda tekis, bizda esa shunaqa?”, — deb o‘ylaganman. Keyin internetdan izlana boshladim. O‘zim kimyogar bo‘lganim uchun asfaltning tarkibiga qiziqdim. Qarasam, tarkibiga qum-shag‘al, chaqiq tosh, bitum va mineral xomashyolar qo‘shilar ekan. “Xo‘sh, yaxshi, unda nega sifati past?”, degan savol tug‘ildi.

Jahon tajribasini o‘rgana boshlaganimda, aynan plastik idishlardan asfalt tayyorlash usuliga duch keldim. Startap loyihaga kirib kelishim shunday boshlangan. Keyinchalik qiziqishim ortib, Kanada, Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgana boshladim. Yakunda “Nega endi buni O‘zbekistonga joriy qilib bo‘lmas ekan? Nega xorijda ishlagan texnologiya bizda ishlamasligi kerak?”, degan savollar bilan ishga kirishdim.

Loyihangizni sodda qilib qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?

Oddiy qilib aytsam, biz plastik baklashkalarga chiqindi sifatida emas, resurs sifatida qaraymiz. Ularni yoqib, atrof-muhitga zarar yetkazish o‘rniga, qayta ishlab asfalt tarkibiga qo‘shamiz. Natijada esa chiqindi kamayib, mustahkam yo‘llar paydo bo‘ladi.

asfaltchiqiz, chiqindini qayta ishlash, ekoasfalt, ekologiya, muqaddam mirjamalova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Ekoasfalt ishlab chiqarish jarayoni va texnologiyaning ishlash prinsipi haqida batafsilroq tushuntirib bersangiz. Jarayon qanday bosqichlarda amalga oshiriladi?

Texnologiyaning ishlash prinsipi quyidagicha: birinchi bosqichda plastik chiqindilar yig‘ib kelinadi, saralanadi, yuviladi hamda maydalanadi. Shundan so‘ng, tayyor xomashyo maxsus reaktorga yo‘naltiriladi. Ushbu reaktorda belgilangan harorat va bosim ostida plastik eritilib, suyuq massa holatiga keltiriladi.

Eritilgan ushbu suyuq massa asfalt zavotidagi bitumga qo‘shiladi. Jarayonning qolgan qismi odatiy asfalt ishlab chiqarish bilan bir xil: bitum mikser yordamida aralashtiriladi va qum, shag‘al hamda mineral xomashyolar bilan birga tayyor mahsulot holatiga keltirilib, yo‘lga yotqiziladi.

Biz shunchaki mavjud asfalt zavodlariga kerakli doza, proporsiya va konsentratsiyani ta’minlab beruvchi qo‘shimcha reaktorni o‘rnatamiz.

Ishlab chiqarish jarayonida suv sarfi ko‘payib ketmaydimi? Bu masala va atrof-muhit muhofazasi qanday hal etilgan?

Suv faqat birinchi bosqichda — plastik idishlarni yuvish jarayonida kerak bo‘ladi. Lekin buni ham o‘ylab chiqqanmiz: tizimga maxsus filtrlar o‘rnatiladi. Plastik yuvilgandan so‘ng chiqqan suv ushbu filtrlarda tozalanib, sirkulyatsiya tizimi asosida yana qayta yuvish jarayoniga sarflanadi. Ya’ni oqava suv hosil bo‘lishini kamaytirish va suvni yopiq siklda qayta ishlatish imkonini beradi. Bundan tashqari, hozirda reaktordan chiquvchi gazni ham qayta ishlash ustida ish olib bormoqdamiz.

Demak, ushbu asfaltni yo‘lga yotqizish uchun mutlaqo yangi texnikalar xarid qilish shart emasmi?

Yo‘q, shart emas. Ba’zida sohadan xabari bo‘lmagan kishilarda “O‘zbekistonga yana noldan yangi texnika olib kirish kerakmi?”, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Lekin bunda amaldagi barcha odatiy yo‘l texnikalaridan foydalaniladi. Biz faqat ishlab chiqarish jarayoniga qo‘shimcha reaktorni qo‘shyapmiz, xolos. Qolgan barcha bosqichlar amaldagi tartib bo‘yicha davom etadi.

Texnika xarid qilish shart emas dedingiz, lekin reaktor-chi? U O‘zbekistonda yasaladimi?

Reaktorning o‘zimiz yasayapmiz. Uning ichiga maxsus aralashtirgich, haroratni nazorat qiluvchi kontrollerlar va datchiklar o‘rnatilgan. Keyinchalik ushbu reaktorni sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan darajada zamonaviylashtirishni rejalashtiryapmiz.

Albatta, loyiha ustida faqat bir o‘zim ishlayotganim yo‘q. Men, Toshkent davlat texnika universitetining “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” kafedrasi doktorantiman. Ilmiy rahbarim — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Nodirbek Yusupbekov loyiha realizatsiyasi, tekshiruv va sinovlarni o‘tkazish jarayonlarida o‘zining amaliy tavsiyalari bilan ko‘maklashib kelmoqdalar. Universitetimiz rektori Sadriddin Turabdjanov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sardor Donayev va oliygoh jamoasi ham loyihada yordam berishmoqda.

Ishlab chiqarish inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgani ma’qul. Chunki inson omili sabab xomashyo nisbati buzilishi mumkin, bu esa yakunda asfalt sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar jarayon to‘liq avtomatlashtirilib, masalliqlar aniq doza va konsentratsiyada qo‘shilsa hamda harorat o‘zgarishini datchik va kontrollerlar o‘zi sozlab tursa, kutilgan yuqori natijaga erishiladi.

Plastik chiqindilarni qayta ishlashda eng xavfli ko‘rsatkich bu haroratdir. Agar harorat belgilangan me’yordan past bo‘lsa, plastik qotib qoladi. Agar yuqori bo‘lib ketsa, u kuyib, atmosferaga zararli gaz ajrata boshlaydi. Shuning uchun ham sun’iy intellekt yordamida haroratni bir me’yorda ushlab turadigan reaktorning ixcham versiyasini loyihalashtirmoqdamiz.

Ilk prototipingiz qanday yaratilgan?

Birinchi prototipni uy sharoitida, oddiy buyumlar bilan tayyorlaganmiz. Plastik idishlarni uy sharoitida qaychi yordamida maydalab namuna tayyorlangan. Olingan natija kutilganidan ham yaxshi bo‘lib, namunaning mustahkamligi yuqori edi.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Ekoasfalt oddiy asfaltdan nimasi bilan farqlanadi hamda u qanchalik samarali?

Oddiy asfaltdan farqi uning texnik parametrlarida va tarkibidadir. Yo‘l yotqizish jarayonining o‘zi va ishlatiladigan texnikalar bir xil: zavoddagi texnologik zanjir ham, issiq asfaltni preslash bosqichlari ham o‘zgarmaydi. Biz faqat bitum sifatini oshirish va mustahkamligini ta’minlash uchun unga qayta ishlangan plastik chiqindilarni qo‘shamiz. Plastik qo‘shilishi evaziga asfaltning issiqqa chidamliligi oshib, yoriqlar hosil bo‘lishi kamayadi, qovushqoqligi hamda deformatsiyaga bardoshliligi sezilarli darajada yaxshilanadi.

Standart bo‘yicha qurilgan oddiy yo‘l kamida 3−5 yil sifatini yo‘qotmasdan xizmat qilishi kerak. Open Budget kabi loyihalardan ajratilgan mablag‘lar evaziga qurilib, bitta qishga yoki bir yozga chidamay yaroqsiz holga keladigan yo‘llar xalqning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ekoasfaltning afzalligi shundaki, biz plastik chiqindining yillar davomida chirimaslik xususiyatini yo‘l qoplamasiga tatbiq etyapmiz. Agar ushbu xususiyat evaziga yo‘l kamida 5 yil davomida hech qanday ta’mirtalab holatga kelmay xizmat qilsa, bu davlat budjetiga milliardlab mablag‘larni tejash imkonini beradi.

Natijada tejalgan pullar hisobidan shu paytgacha asfalt yetib bormagan chekka qishloq va mahalla ko‘chalarini ham to‘liq obodonlashtirish va sifatli yo‘l bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

Ekoasfaltning tan narxi oddiy asfaltga qaraganda necha foizga farq qiladi?

An’anaviy asfalt bilan solishtirganda, ekoasfaltning tannarxi bitum sarfini 15% ga kamaytirish hisobiga arzonlashi kutilmoqda. Bunga bitumning bir qismini qayta ishlangan plastik materiallar bilan almashtirish orqali erishiladi.

Plastik qo‘shilishi evaziga asfaltning issiqqa chidamliligi oshadi dedingiz. Aksincha emasmi? Plastik issiqda erib ketmaydimi?

To‘g‘risi, boshida xuddi shunday deb o‘ylaganman. Plastik erib, sifatini yo‘qotadi degan xavotir bor edi. Lekin amaliyotda mutlaqo aksincha natija berdi — plyus haroratda chidamlilik ko‘rsatkichi juda yuqori chiqdi: +10°C, +30°C va hattoki +50°C va undan yuqori jaziramada ham asfalt o‘z xususiyatini a’lo darajada saqlab qoldi.

Aksincha, hozirgi asosiy vazifamiz asfaltning minus haroratga, ya’ni -10°C, -20°C sovuqqa chidamliligini oshirishdir. Hozirda turli kimyoviy qo‘shimchalar kiritilgan holda, plastikning foizli konsentratsiyasi hamda tarkibini turlicha o‘zgartirib, tajribalar o‘tkazmoqdamiz.

asfaltchiqiz, chiqindini qayta ishlash, ekoasfalt, ekologiya, muqaddam mirjamalova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Maqsadimiz ham jazirama issiqda, ham qahraton sovuqda yorilib ketmaydigan va o‘nqir-cho‘nqirlar hosil qilmaydigan mukammal formulani yaratish.

Hozirgi prototip qancha og‘irlik va qanday texnik yuklamalarga bardosh bera oladi?

Eng asosiysi va biz uchun eng og‘riqli nuqta — sovuq haroratga chidamlilik masalasi. Hozirda aynan minus haroratga, ya’ni -10°C, -15°C sovuqqa bardosh beradigan tarkib ustida ishlayapmiz. Plyus haroratdagi ko‘rsatkichlarimiz juda zo‘r chiqdi — deformatsiyaga chidamliligi 28 tonnani tashkil etdi, bu juda yuqori va yaxshi ko‘rsatkich.

Hozirgi asosiy vazifamiz — asfalt -10°C sovuqda ham yorilib ketmasligi uchun unga yana qanday qo‘shimchalar qo‘shish kerakligini aniqlash. Turli moddalar va plastifikatorlar aralashtirish orqali uning sovuqqa bardoshliligini oshirish ustida tajribalar o‘tkazyapmiz.

Umuman olganda, hozirgi prototipimiz 4 ta asosiy parametr jihatidan oddiy asfaltdan sezilarli darajada ustun natija ko‘rsatmoqda.

Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — suv shimmashlik xususiyatidir. Ma’lumki, oddiy asfalt o‘ziga suvni shimib oladi va sovuq tushishi bilan o‘sha suv muzlab, asfaltni ichidan yorib yuboradi. Natijada yo‘llarda chuqurliklar va deformatsiyalar hosil bo‘lib, yo‘l sifati buziladi. Agar asfalt suvni o‘ziga shimmay, oqizib yuborsa, bu yo‘lning umri uzayganidan dalolat beradi. Davlat standarti bo‘yicha suv shimuvchanlik ko‘rsatkichi 1 dan 4 gacha bo‘lishi kerak. Bizning Ekoasfalt prototipida esa bu ko‘rsatkich 0,25 ni tashkil etmoqda — ya’ni hatto 1 ga ham yetib bormaydi. Bu judayam yuqori va sifatli natija hisoblanadi.

Bundan tashqari, issiqlikdagi deformatsiyaga chidamlilik ko‘rsatkichlari ham kutilganidan a’lo chiqdi: 0 °C, +20°C va +50°C haroratlarda asfalt o‘z mustahkamligini to‘liq saqlab qolmoqda. Hozirda faqat minus haroratga bardoshlilik ko‘rsatkichini yanada yaxshilash ustida ish olib bormoqdamiz.

Materialni uzoq muddat qo‘llash va keyinchalik qayta ishlash masalasi ham muhim. Sizning texnologiyangizda bunday ehtimoliy xavflar qanday baholanadi hamda ularni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Ya’ni foydalanib bo‘lingach, uni yana qayta ishlash imkoni bormi?

Ha, albatta, qayta ishlash mumkin. Amaliyotda eski asfaltni qirib olib, issiq bitum va kerakli tarkibiy qismlarni qo‘shgan holda qayta yotqizadigan maxsus texnikalari mavjud. Bizning plastik aralashmali asfaltimiz ham xuddi shu usulda to‘liq qayta ishlanadi.

Dunyo tajribasiga qarasak, bu texnologiya Hindiston, Yaponiya va Niderlandiyada ham muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Bunday yo‘llarning xizmat qilish muddati odatdagi asfaltga qaraganda o‘rtacha 5 yilga uzayadi.

Albatta, mahalliy iqlim sharoitida plastikli asfalt qancha muddat chidashini hozirgi sinov jarayonlaridan keyin aniq bilib olamiz.

Startapingiz uchun qanday investitsiyalar jalb qildingiz va bu loyiha rivojiga qanday yordam berdi?

Ilk katta e’tirofimiz 2025-yilning iyun oyida yuz berdi. CAEx majmuasida o‘tkazilgan EcoExpo 2025 xalqaro tanlovida 300 dan ortiq loyihalar orasidan 2-o‘rinni egalladik. O‘shanda qo‘lga kiritgan 300 mln so‘m pul mukofotimiz g‘oyadan amaliyotga o‘tishimiz uchun birinchi poydevor bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, oktabr oyidagi InnoWeek 2025 ko‘rgazmasi loyihamiz burilish nuqtasiga aylandi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov loyiha sinovlarini o‘tkazish va uni texnik jihatdan takomillashtirish maqsadida Qo‘mitaning Markaziy sinov laboratoriyasi hamda Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti bazasidan foydalanish imkoniyatini berdi.

U-Enter va Germaniyaning GIZ tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan Green Start project tanlovida g‘olib bo‘ldik. Bu g‘alaba bizga 50 mln so‘m grant bilan birga, Germaniyaning plastikni qayta ishlaydigan yetakchi korxonalarida tajriba oshirish imkoniyatini taqdim etdi.

Loyihadagi eng mas’uliyatli nuqta 2026-yilning 22-may kuni yuz berdi. Toshkentdagi Kongress-hollda o‘tkazilgan “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumida Top-10 loyihalar safida Ekoasfaltni Davlatimiz rahbariga taqdimot qildik. Buning natijasida Toshkent shahar hokimligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida pilot loyihamiz uchun 800 mln so‘m mablag‘ ajratildi.

Shu yilning avgust oyida “Yashil tashabbuslar” forumining Respublika bosqichi g‘olibi bo‘lib, 50 mln so‘m miqdoridagi pul mukofotiga ham sazovor bo‘ldik.

Sinov yo‘li qayerda yotqiziladi va keyinchalik yana qaysi hududlarda sinab ko‘rishni rejalashtiryapsiz?

Dastlabki sinov uchun Toshkent shahari hamda Toshkent viloyati hokimliklari bilan muzokara olib borilyapti, ular maxsus yo‘l ajratib berishadi. Asosan serqatnov magistral yo‘llarni ko‘zlayapmiz, chunki transport qatnovi va yuklama qanchalik yuqori bo‘lsa, ekoasfaltning chidamliligini shunchalik aniq tekshirib olamiz.

Shu bilan birga, hozirning o‘zidayoq mamlakatimizning eng issiq hududlaridan — Xorazm va Qoraqalpog‘istondan ko‘plab takliflar tushmoqda. Ko‘rgazmalarda odamlar yonimizga kelib: “Biz tomonda yozda harorat juda yuqori bo‘ladi, bizning sharoitga ham chidaydimi, sinab ko‘ringlar”, deb so‘rashyapti.

Yo‘l qurilishi sohasida startap boshlashda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz? Barcha jarayonni o‘z zimmangizga olib, MChJ ochishingizga nima turtki bo‘ldi?

Ochig‘ini aytsam, eng katta qiyinchilik texnik jarayonlarda emas, balki jamiyatdagi “Ayol kishi eplay olarmidi?”, “Sizga nima bor asfaltda?”, degan qarashlar va ishonchsizlikda bo‘ldi. Laboratoriya natijalariga ega bo‘lgunga qadar qo‘limizda faqat g‘oya bor edi. Ba’zan mas’ul shaxslar ham loyihaning mohiyatini tushunmasdan, birdaniga “bo‘lmaydi” deyishgan. Lekin men qaysar startaperman — orqamda menga ishongan ota-onam, oilam va 2 nafar farzandim turganda chekinishga haqqim yo‘q edi.

Kutilmaganda, loyihamiz xalqning eng og‘riqli nuqtasiga teggani uchun odamlarning o‘zi meni taniydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishdi. Ba’zan avtobusda yoki metroda yursam, odamlar: “Siz chiqindidan asfalt qilayotgan qizsiz-ku, baraka toping, duodamiz”, deb rasmga tushishadi. Mana shu samimiy e’tirof men uchun eng katta motivatsiyaga aylandi.

MChJ ochib, barcha jarayonlarni boshidan oxirigacha o‘z nazoratimga olishimning ham sababi shu. Men yo‘llarni “davlatning yuzi” deb bilaman. Mamlakatimizga sayyoh kelsa ham, eng birinchi yo‘ldan foydalanadi.

Agar bu jarayonni boshqa pudratchilarga topshirib qo‘ysak, texnologiya noto‘g‘ri qo‘llanib, sifatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Puxta ishlanmagan ish tufayli yillar davomidagi mehnatim va startapim obro‘sizlanishini xohlamayman. Shuning uchun ham ishlab chiqarishdan tortib yotqizishgacha bo‘lgan har bir bosqichni o‘zim boshqarishga qaror qildim.

Ma’lumki, qishda yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlari to‘xtaydi. Biznes modelingiz qanday tuzilgan?

Ha, to‘g‘ri, odatda noyabrdan mart oyigacha yo‘l yotqizish ishlari vaqtincha to‘xtatiladi. Shuning uchun biznes modelimizni mavsumiylikka bog‘lanib qolmaydigan qilib loyihalashtirganmiz — “Ecoasfalt” MChJ faqat yo‘l qurilishi bilan cheklanmaydi.

asfaltchiqiz, chiqindini qayta ishlash, ekoasfalt, ekologiya, muqaddam mirjamalova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Qishki mavsumda korxonamiz yig‘ilgan plastik chiqindilarni yuvib, saralab, tayyor sof granulalarga aylantiradi. Ushbu granulalar omborlarda zaxira sifatida saqlanadi va bahor-yoz mavsumida asfalt ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ularning bir qismini plastik mahsulotlar tayyorlovchi boshqa korxonalarga xomashyo sifatida sotamiz. Bu orqali korxonamiz yil davomida uzluksiz va daromadli ishlashini ta’minlaymiz.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi Ekosanoat zonasida ishlab chiqarish maydonimizni tashkil etish kutilmoqda. Maqsadimiz, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda poligonlarga tashlanayotgan hamda hozirda mamlakatimizda umuman qayta ishlanmayotgan qattiq maishiy plastik chiqindilarni qayta ishlab, ularni sifatli yo‘l qoplamasiga aylantirishdir.

Kelgusi 3−5 yil uchun asosiy rejalaringiz va maqsadlaringiz qanday?

Shunchaki bitta MChJ bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Asosiy maqsadimiz — ushbu korxonani xalqaro darajadagi yirik korporatsiyaga aylantirish.

Masalan, MacRebur nomli plastik chiqindilarni qayta ishlaydigan mashhur kompaniya bor. Ular so‘nggi 10 yillikda sohaning eng ilg‘or brendiga aylanishdi — jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan va ular yotqizgan yo‘llariga 7 yilgacha kafolat berishadi. Biz yutib olgan 50 mln so‘mlik grantimiz evaziga aynan shu kompaniyaga stajirovkaga borib, ularning tajribasi va texnologiyasini bevosita o‘rganib qaytmoqchimiz.

Qolaversa, rejamiz faqat plastik chiqindilardan asfalt qilish bilan cheklanmaydi. Ekoasfalt loyihasini to‘liq yo‘lga qo‘yib olganimizdan so‘ng, amalga oshirilishini kutib turgan yana bir nechta yangi va qiziqarli startap g‘oyalarimiz bor. Ularni ham bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etamiz.

Yangi rejalashtirilayotgan loyihalaringiz qaysi yo‘nalishlarda?

Asosan ikki yo‘nalishda izlanish olib boryapmiz. Birinchisi, sanoat oqova suvlarini arzon va samarali tozalashga mo‘ljallangan maxsus qurilma yaratish.

Ikkinchisi esa mutlaqo ijtimoiy tashabbus bo‘lib, undan hech qanday tijoriy manfaat ko‘zlanmagan. Bu — ko‘zi ojiz hamda imkoniyati cheklangan shaxslarga kundalik hayotda ko‘maklashuvchi mobil ilova. Hozirda dasturchimiz ushbu dastur ustida ish olib bormoqda. Foydalanuvchilar ilovani Google Play Market platformasidan bepul yuklab olib, o‘zlariga kerakli funksiyalardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Startapchilarga va ushbu intervyuni o‘qiyotganlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

Bitta gap: agar sabrsiz bo‘lsangiz va o‘zingizga oxirigacha ishonmasangiz, startapga umuman qo‘l urmang.

asfaltchiqiz, chiqindini qayta ishlash, ekoasfalt, ekologiya, muqaddam mirjamalova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Chunki investor yoki davlat tashkilotining oldiga borganingizda qo‘lingizda hali tayyor MVP bo‘lmasligi mumkin. U yerda loyihaning taqdirini faqat sizning ko‘zingizdagi ishonch hal qiladi. Agar ikkilanib, qo‘rqib gapirsangiz, sizga hech kim ishona olmaydi.

Ikkinchi muhim narsa — sabr. Men startapni bambuk daraxtiga o‘xshataman. Bambuk 5 yil davomida yer ostida tomir otadi, ustida esa hech narsa ko‘rinmaydi. Biz ham besh yil davomida bitta joyda deyarli qolib ketdik — na laboratoriya bor, na moliyaviy daromad, na jamg‘arma.

Faqat uyda tinmay tajriba o‘tkazardim, aralashmalarni quyib, yaxshisini saralardim. Lekin loyiha foyda ham keltirmasdi. Shunga qaramay, bir narsaga ishonardim: chet elda ishlayotgan texnologiya O‘zbekistonda ham ishlaydi. Faqat uning eng yaxshi variantini tanlab, bizning iqlim va sharoitimizga moslashtirish kerak edi.