Avvalroq avgust oyida O‘zbekistonda iste‘mol narxlari 0,2% ga oshgani, yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi esa 6,2% gacha sekinlashgani haqida xabar berilgandi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari bir oyda 0,4% ga, so‘nggi 12 oyda esa 6,2% ga oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,2% ga, yillik hisobda 5,9% ga, pulli xizmatlar esa mos ravishda 0,1% va 6,4% ga qimmatlashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Avgust oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan guruch va guruch kurmagi narxi eng ko‘p — 2,2% ga ko‘tarildi. Shuningdek, grechka (+1,1%), tuxum (+0,8%), qo‘y go‘shti (+0,7%), suyaksiz mol go‘shti (+0,7%), tovuq go‘shti qismlari (+0,7%), un (+0,5%) hamda suyakli mol go‘shti (+0,4%) narxlari oshgani qayd etildi. Shu bilan birga, shakar (-0,6%), sut (-0,3%) va paxta yog‘i (-0,1%) arzonlashdi.
Meva-sabzavot mahsulotlari orasida bir oyda sabzi (+9,2%), tarvuz (+7,5%), piyoz (+6,2%) va sitrus mevalar (+1,6%) qimmatlashdi.
Ayni paytda, mavsumiy omil ta‘sirida uzum (-10,9%), bulg‘or qalampiri (-9,2%), olma (-7,2%), nok (-6%), baqlajon (-5,5%), karam (-4,9%) va kartoshka (-3,3%) narxlari pasaydi.
Yillik nisbatda qo‘y go‘shti (+20%), suyaksiz mol go‘shti (+18,8%), suyakli mol go‘shti (+16,2%) va tuxum (+12,8%) narxi eng ko‘p oshdi. Bulg‘or qalampiri o‘tgan yilgiga nisbatan 9,8% ga, sitrus mevalar va olma mos ravishda 9,2 va 9,1% ga, grechka — 8,1% ga, paxta yog‘i — 6,2% ga, un — 5,9% ga, sut — 5% ga, shakar — 1,6% ga, tovuq go‘shti qismlari esa 1,2% ga qimmatroq sotilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi bir yil ichida baqlajon — 31,8%, kartoshka — 15,2%, nok — 13,3%, tarvuz — 11,2%, piyoz — 9,2%, guruch va guruch kurmagi — 4,1%, karam — 3,8%, sabzi — 2,3%, uzum esa 2% arzonlashdi.
Xizmatlar
Avgust oyida kommunal xizmatlarning asosiy turlari bo‘yicha tariflar o‘zgarmadi. Shu bilan birga, uy-joy ijarasi uchun haqiqiy to‘lov bir oyda 0,4% ga (2025-yilning avgustiga nisbatan +4,2%), uy-joyga xizmat ko‘rsatish, ta‘mirlash va qo‘riqlash xizmatlari esa 0,3% ga (yillik hisobda +5,8%) oshdi.
Yo‘lovchi transporti sohasida shaharlararo avtomobil tashuvlari narxi o‘sgani qayd etildi — respublika bo‘yicha o‘rtacha bir oyda 0,6% (+yillik 7,3%), bunda narxlar Surxondaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida qimmatlashgan.
Xalqaro aviaqatnovlar yoqilg‘i xarajatlarining oshishi va yevroning so‘mga nisbatan kurs tebranishlari tufayli bir oyda 1,7% ga qimmatlashdi, ichki aviareyslar narxi esa 0,1% ga oshdi.
Ta‘lim sohasida xususiy bolalar bog‘chalariga borish (+0,3% bir oyda, +3,2% bir yilda), o‘quv markazi (+0,2% bir oyda, +5% bir yilda) va til kurslari (+0,1% bir oyda, +4,4% bir yilda) narxlari o‘sgani qayd etildi.
Sug‘urta va moliyaviy xizmatlar sohasida qisqa muddatli indeks 100% dan pastga tushdi, pul o‘tkazmalari uchun to‘lov esa so‘mning AQSh dollari va Rossiya rubliga nisbatan mustahkamlanishi tufayli bir oyda 1,4% ga kamaydi (ayni paytda, ushbu bo‘limning yillik o‘sishi 43% ni tashkil etdi).
Restoranlar va mehmonxonalar bir oyda 0,3% ga (+7,2% yillik), axborot va aloqa xizmatlari esa bir oyda 0,1% ga (+5,9% yillik) qimmatlashdi.
Sanoat mahsulotlari
Avgust oyida nooziq-ovqat mahsulotlari orasida narxlar o‘sishining asosiy drayveri avtomobil yoqilg‘isi bo‘lib qoldi: benzinning o‘rtacha narxi bir oy davomida 1,9% ga (+20,2% yillik o‘lchovda) oshdi.
Yuqori oktanli AI-98 va AI-100 markali benzin bir oyda 6,7% ga, AI-95 — 4,9% ga, AI-92 esa 1,1% ga qimmatlashdi. Propan narxi bir oyda 5,8% ga oshgan bo‘lsa, yillik narx sakrashi 41,4% ni tashkil etdi. Metan narxi iyul darajasida saqlanib qoldi (+10,3% yillik hisobda).
Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, AI-92 rusumli benzinning bir litri narxi 10,5 ming so‘mdan 16,4 ming so‘mgacha, AI-95 rusumli benzin 12,5 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha, AI-98 va AI-100 rusumlilari esa 16 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha o‘zgarib turgan. Propan uchun yuqori narx chegarasi litriga 8,8 ming so‘mga yetdi.
Kuzatuvdagi dori vositalari turlari bir oyda o‘rtacha 0,2% ga (+2,3% bir yilda) arzonlashdi, ko‘rish qobiliyati uchun yordamchi mahsulotlar 0,6% ga (+1,2% bir yilda) arzonlashdi, immunizatsiya xizmatlari esa 0,2% ga (+2,8% bir yilda) qimmatlashdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlarining boshqa guruhlaridagi dinamika mo‘tadil bo‘lib qoldi: kiyim-kechak va poyabzal bir oyda 0,1% ga (o‘tgan avgustga nisbatan +3%), uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika esa bir oyda 0,1% ga va yillik hisobda 2,7% ga qimmatlashdi. Alkogol va tamaki mahsulotlari narxi bir oyda 0,6% ga (+6,7% bir yilda) oshdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda oylik va yillik inflyatsiya may oyidan beri eng past darajaga tushgani haqida yozgandi.