Qashqadaryo viloyatidagi yangi konda gaz kondensati qazib olish boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Mirishkor tumanidagi Patron koni 2-sentabr kuni ertalab O‘zbekiston gaz uzatish tarmog‘iga rasman ulandi. Sanoat miqyosidagi tabiiy gaz 3296−3339 metr oralig‘idagi qatlamlar mahsuldorligi sinovdan o‘tkazilgach olindi.
Birinchi bosqichda bu yerda har kuni 500 ming kubometr yoqilg‘i qazib olinishi rejalashtirilgan.
Obyektdagi geologiya-qidiruv ishlari Xitoyning BGP kompaniyasi tomonidan 2025-yildan beri 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida olib borilmoqda. Patron konidagi gaz zaxiralari dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 2,5 mlrd kubometrga baholanib, bu uni “nisbatan kichik” konlar sirasiga kiritadi.
Shuningdek, vazirlik 1-sentabrdan buyon ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Qashqadaryodagi gaz alangasi aks etgan kadrlarga izoh berdi. Idora kon hududida gaz portlashi sodir bo‘lgani haqidagi ma‘lumotni rad etdi.
“Yangi quduqni sinovdan o‘tkazish jarayonida gazni maxsus qurilma orqali yoqib ko‘rish — quduqning mahsuldorligi, bosimi va ishlash parametrlarini aniqlashga qaratilgan odatiy texnologik jarayon hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.
O‘zneftgazLITI mutaxassislari toza gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida obyektda gazodinamik va gaz kondensati tadqiqotlarini olib bormoqda. Ishlar yong‘in, sanoat, ekologik xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda, deya qo‘shimcha qildi idora.
Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda gaz kondensati va tabiiy gaz qazib olish 15% ga — mos ravishda 567,5 ming tonna va 21,6 mlrd kubometrgacha kamaygan. Shuningdek, neft qazib olish hajmi 368,7 ming tonnagacha (-2,7%) qisqargani qayd etilgan.
Shu fonda gaz eksporti uchdan bir martadan ko‘proqqa — $279,7 mlngacha kamaydi. Shu bilan birga, respublika Rossiya va Turkmanistondan “zangori olov” xaridini $1,1 mlrdgacha (+8,2%) oshirgan, propan importi esa birdaniga 3,6 baravar o‘sib, $105,4 mlnga yetgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekani haqida yozgandi.