O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) har biri 64 700 ta aksiyaga teng bo‘lgan oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlarni (GDR) birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) boshlanganini e‘lon qildi. Bu haqda Spot‘ga jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.

IPO doirasidagi takliflar davri bugun boshlanadi va taxminan 2026-yil 12-mayda (xalqaro taklif uchun Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da va Toshkent taklifi uchun mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da) yakunlanishi kutilmoqda.

Taklif narxi quyidagicha belgilandi:

  • bir dona GDR uchun $25;
  • bir dona aksiya uchun 4,65 so‘m.

Taklif doirasidagi barcha qimmatli qog‘ozlar yagona aksiyador sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taklif qilinadi.

UzNIF o‘zining oddiy aksiyalarini Toshkent Respublika fond birjasida savdoga qo‘yish uchun ariza topshirdi va o‘z GDRlarini Buyuk Britaniyaning Moliyaviy tartibga solish va nazorat qilish boshqarmasi (FCA) Rasmiy ro‘yxatining “muayyan qimmatli qog‘ozlarni ifodalovchi sertifikatlar (depozitar tilxatlar)” toifasiga kiritish, shuningdek, London fond birjasining (LSE) asosiy bozorida savdoga qo‘yish uchun ariza topshirish niyatida.

Chiqarilgan aksiyalarning umumiy soni 5 054 262 531 127 donani tashkil etgan holda, taklif narxi kompaniyaning bozor kapitallashuvini taxminan $1,95 mlrdga tenglashtiradi. Sotuvchi aksiyador IPO doirasida kompaniya aksiyadorlik kapitalining taxminan 30% ini taklif qilmoqda.

Toshkent taklifi doirasida joylashtiriladigan aksiyalar hamda xalqaro taklif doirasida joylashtiriladigan GDRlarning yakuniy soni Yagona global koordinator bilan maslahatlashuvlardan so‘ng sotuvchi aksiyadorning mutlaq ixtiyoriga ko‘ra aniqlanadi va taxminan 2026-yil 13-mayda e‘lon qilinadi.

Taklif ikki qismdan iborat:

  • O‘zbekistondagi va boshqa ayrim yurisdiksiyalardagi muayyan institutsional investorlarga, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan va boshqa ayrim yurisdiksiyalardagi tegishli chakana investorlarga oddiy aksiyalarni taklif qilish;
  • O‘zbekistondan tashqaridagi muayyan institutsional investorlarga GDR taklif qilish.

Yakor investorlar sifatida ishtirok etayotgan BlackRock, Franklin Resources, Redwheel tomonidan boshqariladigan muayyan fondlar va hisobvaraqlar hamda Allan & Gill Gray Foundation‘ga to‘liq tegishli bo‘lgan ikkita g‘aznachilik kompaniyasi, ma‘lum standart shartlarga rioya qilingan holda, taklif narxida umumiy qiymati taxminan $300 mlnlik GDRga obuna bo‘lish uchun kompaniya va sotuvchi aksiyador bilan shartnomalar tuzdi.

Toshkent taklifida ishtirok etuvchi jismoniy shaxs bo‘lgan investorlar 12 mlrd so‘mgacha (rasmiy kurs bo‘yicha taxminan $1 mln) bo‘lgan arizalar uchun taklif etilayotgan aksiyalar narxidan 5% miqdorida chegirma olish huquqiga ega. Bunda ular taklif etilayotgan har bir aksiya uchun 4,41 so‘mdan to‘laydi.

Chakana investorlar taklif etilayotgan aksiyalarni xarid qilish uchun mahalliy menejerlar (Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group Inc) orqali yoki 200 mln so‘mgacha bo‘lgan arizalar uchun Jett veb-sayti va mobil ilovasi orqali ariza berishlari mumkin.

Tegishli talablarga javob beradigan chakana va institutsional investorlarga Toshkent taklifi doirasidagi aksiyalarga ariza berish uchun O‘zbekistonda oldindan brokerlik hisobvaraqlarini ochish tavsiya etiladi.

London birjasida savdolarga ruxsat berilishi va LSEda GDRning shartsiz savdolari boshlanishi 2026-yil 18-may atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Toshkent RFBda aksiyalar savdosi taxminan 2026-yil 18-mayda boshlanishi kutilmoqda.

Xalqaro taklif munosabati bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro taklif doirasida taklif etilayotgan GDRlar sonining maksimal 15%i miqdorida qo‘shimcha joylashtirish opsiyasini (over-allotment option) taqdim etish niyatida.

Spot, avvalroq, Janubiy Koreyaning Shinhan Banki O‘zbekistonda sho‘ba bankini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.