Ijtimoiy himoya milliy agentligi tarmoqlarda fuqarolarni Ijtimoiy reyestrdan chiqarish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bildirilayotgan fikrlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, oilalar daromadini oshirish va ularni barqaror daromad manbaiga ega qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
“Shu bilan birga, oilani Ijtimoiy reyestrdan chiqarishning o‘zi kambag‘allik qisqarganini anglatmaydi”, — deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, Ijtimoiy reyestrning asosiy maqsadi ehtiyojmand aholini aniqlash, ularni ijtimoiy himoya bilan qamrab olish hamda zarur yordam va xizmatlarni ko‘rsatishdan iborat.
Taʼkidlanishicha reyestrdan chiqarish belgilangan reja yoki ko‘rsatkichni bajarish maqsadida emas, balki oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati amalda yaxshilangani va belgilangan mezonlarga javob bergani asosida amalga oshirilishi lozim.
Muayyan hududdagi kambag‘allik darajasi Jahon banki metodologiyasi asosida belgilangan standartlar bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rovlar natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
IHMA huzuridagi inspeksiya reyestrdan chiqarilgan oilalar bo‘yicha nazorat ishlarini olib bormoqda. Xususan, qabul qilingan qarorlarning belgilangan mezon va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilmoqda.
Agentlik asosiy maqsad fuqarolarni reyestrdan chiqarish emas, balki oilalarni haqiqatan ham kambag‘allikdan chiqarish hamda ehtiyojmand fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta‘minlash ekanini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida kambag‘allikni qisqartirish uchun tadbirkorlar jalb qilinishi haqida yozgandi.