Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni sezilarli darajada qisqargani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Qo‘mita xabarlarda “ayrim metodologik noaniqliklar” mavjudligini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabr holatiga yo‘lovchi tashish sohasida jami 782,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 777,1 ming nafarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-yanvardan 1-sentabrgacha agregatorlar orqali yo‘lovchi tashigan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 481 117 nafarni tashkil etgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 481 149 nafar bo‘lgan.
Qo‘mita bu ikki ko‘rsatkichni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmasligini bildirdi. Birinchi holatda ma’lum bir sanadagi jami ro‘yxatdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni, ikkinchisida esa ma’lum davr mobaynida agregatorlar orqali ishlagan shaxslar soni nazarda tutilgan.
“Aslida yo‘lovchi tashish sohasidagi o‘zini o‘zi band qilganlar soni 5 ming nafarga oshgan, taksi agregatorlari orqali yo‘lovchi tashiganlar soni esa atigi 32 nafarga kamaygan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2026-yilning sakkiz oyida ayol haydovchilar soni 4107 nafarni tashkil etib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 354 nafarga yoki 10%ga oshgan.
Shu davrda o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar 329,1 mln ta yo‘lovchi tashuvini amalga oshirgan. Ularning umumiy qiymati 7,16 trln so‘mni tashkil etgan. Tashuvlar soni 9%ga, umumiy qiymati esa 2025-yilning mos davriga nisbatan 23%ga oshgan.
Soliq qo‘mitasi barqaror ko‘rsatkichlar va sohaga qiziqish saqlanib qolayotganini hisobga olib, yil oxirigacha taksi agregatorlari orqali ishlayotgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni yanada oshishini kutmoqda.
Ta’kidlanishicha, bu aholi bandligini ta’minlash, rasmiy daromad manbalarini kengaytirish va xizmatlar bozori shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 7,2 trln so‘mga yetgani haqida yozgandi.