2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 7,2 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilning sakkiz oyida 242 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Jami 329 mln marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan.
Yo‘lovchi tashish aylanmasi 7,2 trln so‘mdan oshib, shundan 4,5 trln so‘mi (63,1%) naqd, 2,6 trln so‘mi (36,9%) esa naqdsiz to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. O‘rtacha bitta chek 21 785,5 so‘mni tashkil etgan.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 481,1 ming o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Shundan 4107 nafarini ayol haydovchilar tashkil qiladi.
O‘tgan davrda taksi xizmatini ko‘rsatgan haydovchilarning 7,9 ming nafardan ortig‘i 100 mln so‘mdan ko‘p, 31,5 ming nafari 50−100 mln so‘m, 124,4 ming nafari 10−50 mln so‘m daromad olgan.
Shuningdek, 59,9 ming haydovchi 5−10 mln so‘m, 123,6 ming nafari 1−5 mln so‘m, 133,7 ming nafari esa 1 mln so‘mgacha daromad qilgan.
Eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar orasida Cobalt — 27%, Nexia — 19,3% va Lacetti — 16,1% ulushga ega. Elektromobillar esa jami avtomobillarning 2,5%ini tashkil etadi.
Avtomobillarning 16,3%i 1−3 yil, 37,1%i 3−5 yil, 17,3%i 5−10 yil, 29,2%i esa 10 yildan ortiq muddatdan beri foydalanilmoqda.
Agregatorlar 2026-yil yanvar-avgust oylarida jami 149,2 mlrd so‘m soliq, shundan 46,8 mlrd so‘m QQS to‘lagan.
Avvalroq Spot olti oyda qaysi umumiy ovqatlanish korxonalari eng ko‘p soliq to‘lagani haqida yozgandi.
Yanvar-iyun oylarida eng ko‘p soliq to‘lagan ovqatlanish korxonasi 52,2 mlrd so‘m bilan KFC tarmog‘ining O‘zbekistondagi franshizasi — International Foodchain bo‘ldi.