01

Nima bo‘ldi?

2021-yildan beri O‘zbekistonda xalqaro imtihonlarni topshirish uchun sarflangan mablag‘larni qaytarib olish imkoniyati mavjud.

Buning uchun ishtirokchi belgilangan ballni to‘plashi kerak. Shunda unga imtihonning to‘liq qiymati miqdorida kompensatsiya to‘lab beriladi. Masalan, IELTS imtihoni uchun kamida 7 ball olish talab etiladi.

Mablag‘lar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladi.

02

Kimlar kompensatsiya olishi mumkin?

Imtihon topshirish vaqtida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kompensatsiya olishlari mumkin.

Agar imtihonni 16 yoshga to‘lmagan bola topshirgan bo‘lsa, arizani uning o‘rniga ota-onasi yoki qonuniy vakili topshiradi. Bunda vakillik huquqini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinishi kerak.

03

Qaysi imtihonlar uchun amal qiladi?

Ro‘yxatga 18 ta xalqaro imtihon kiritilgan. Ularning har biri uchun kompensatsiya olish imkonini beruvchi eng kam ball yoki daraja belgilangan.

ielts, kompensatsiya, pulni qaytarib olish, til sertifikati, toefl, xalqaro imtihon

2027-yil 1-yanvarga qadar TestDaF, Goethe-Zertifikat, DELF, DALF, TCF, TOPIK, JLPT va HSK imtihonlarida belgilangan eng kam darajadan bir pog‘ona past natija ko‘rsatganlarga ham kompensatsiya beriladi.

Bu imtiyoz faqat mazkur sakkizta imtihon uchun va 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Qolgan imtihonlar uchun bunday imkoniyat mavjud emas.

04

O‘quv kurslari uchun ham pulni qaytarib olish mumkinmi?

Yo‘q. YIDXP’dagi xizmat “ta'lim olish va imtihon topshirish xarajatlarini qoplash”, deb nomlangan bo‘lsa-da, amalda faqat imtihon topshirish uchun sarflangan mablag‘ qoplanadi.

O‘qish xarajatlari, ya’ni o‘quv kurslari, repetitor va boshqa tayyorgarlik uchun to‘langan pullar kompensatsiya qilinmaydi.

05

Ariza qachon topshiriladi?

Arizani sertifikat olingan kundan boshlab 180 kun ichida topshirish kerak. Ushbu muddat o‘tib ketganidan keyin kompensatsiya olishning imkoni bo‘lmaydi.

06

Arizani qayerga topshirish kerak?

Arizani YIDXP ya’ni my.gov.uz orqali onlayn topshirish mumkin. Xizmat “o‘qish va xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berishga ariza yuborish“” deb nomlanadi.

Tizimga OneID yoki MyID orqali kirish mumkin. Tizimga kirilganda shaxsiy ma’lumotlarning bir qismi avtomatik ravishda to‘ldiriladi.

Arizaga sertifikat va to‘lov kvitansiyasi PDF formatida ilova qilinadi. Shuningdek, anketada:

  • sertifikatning ro‘yxatdan o‘tish raqami;
  • sertifikat berilgan sana;
  • imtihon topshirilgan tashkilot ko‘rsatilishi kerak.

07

Ariza topshirildi. Pullar avtomatik ravishda tushadimi?

Yo‘q. my.gov.uz orqali ariza ma’qullangani bu hali pul o‘tkazildi, degani emas.

Yoshlar ishlari agentligi sertifikatni 12−15 ish kuni ichida tekshiradi. Agar sertifikatni bergan tashkilotdan tasdiq olish talab etilsa, tekshiruv jarayoni 42 kungacha davom etishi mumkin. Ariza ma’qullangach, sizga SMS-xabar yuboriladi. Shundan so‘ng my.gov'dagi shaxsiy kabinetingizda kompensatsiya olish huquqini beruvchi ma’lumotnoma paydo bo‘ladi.

Ushbu ma’lumotnoma keyingi bosqichda kerak bo‘ladi — usiz pul qaytarib berilmaydi.

08

Pulni qanday olish mumkin?

Kompensatsiya olish huquqini beruvchi ma’lumotnoma paydo bo‘lgach, yana 12 kun kutish kerak. Shundan so‘ng bankka so‘rov yuborish mumkin.

Kompensatsiyani Xalq bankining Xazna ilovasi orqali olish mumkin. Ilovani App Store yoki Play Market dan yuklab olasiz. Avval ilovada ro‘yxatdan o‘tasiz: telefon raqamingizni kiritasiz, akkaunt yaratasiz va parol o‘rnatasiz.

Keyin identifikatsiyadan o‘tish kerak. Buning uchun pasport seriyasi yoki JShShIR, tug‘ilgan sana kiritiladi va yuzni skanerlash orqali biometrik tekshiruvdan o‘tiladi. Ro‘yxatdan o‘tish va identifikatsiyadan bir marta o‘tish kifoya.

Shuningdek, pul kelib tushishi uchun bank kartangizni ilovaga biriktirishingiz kerak.

Identifikatsiya va karta biriktirilgach, Xizmatlar → Ijtimoiy xizmatlar → Xalqaro imtihon (qoplab berish) bo‘limiga kirasiz. Shu yerda kompensatsiya olish uchun so‘rov yuborasiz va my.gov'dan olingan ma’lumotnomani ilova qilasiz.

ielts, kompensatsiya, pulni qaytarib olish, til sertifikati, toefl, xalqaro imtihon

09

Bank karta imtihon topshirgan shaxs nomida bo‘lishi shartmi?

Yo‘q, shart emas. Ilovaga istalgan bank kartasini biriktirish mumkin.

Karta kimning nomida bo‘lsa, kompensatsiya puli ham o‘sha kartaga tushadi.

10

Imtihon puli to‘liq qaytariladimi?

Ha. Imtihon uchun to‘langan pulning 100%i qaytariladi. Masalan, Toshkentda IELTS imtihoni narxi hozir 2 664 000 so‘mdan boshlanadi. Agar shu summani to‘lagan bo‘lsangiz, 2 664 000 so‘m to‘liq kompensatsiya qilinadi. Ya’ni, qancha pul to‘lagan bo‘lsangiz, shuncha summa qaytariladi.

11

Qo‘shimcha to‘lov qilish kerakmi?

Yo‘q, kerak emas. my.gov.uz orqali ariza topshirish ham, kompensatsiyani olish ham bepul. Buning uchun hech qanday komissiya to‘lanmaydi.

12

Naqd pulda qaytarib olish mumkinmi?

Yo‘q, faqat Xazna ilovasi orqali to‘lanadi. Bank bo‘limidan naqd pul ko‘rinishida olib bo‘lmaydi.

13

Nega Xazna ilovasida “Xizmat ko‘rsatish cheklangan” degan xabar chiqadi?

Bu kompensatsiya rad etildi, degani emas. Ehtimol, Yoshlar ishlari agentligining joriy davr uchun to‘lov limiti tugagan yoki yangi mablag‘lar hali kelib tushmagan. Kompensatsiya uchun mablag‘lar har 15 kunda bir marta o‘tkaziladi.

Yangi mablag‘ kelib tushgach, Xazna ilovasida to‘lov xizmati qayta ishlay boshlaydi. Limit va moliyalashtirish bo‘yicha yangiliklarni Yoshlar ishlari agentligining rasmiy Telegram-kanali orqali kuzatib borish mumkin.

14

Nega ariza rad etiladi?

Bunga bir nechta sabab bo‘lishi mumkin:

  • arizani to‘ldirishda xatoga yo‘l qo‘yilgan;
  • imtihonda yetarli ball to‘planmagan;
  • sertifikat olinganidan 180 kundan kech ariza topshirilgan.

Agar sabab arizadagi xato bo‘lsa, xatoni tuzatib, arizani qayta topshirish mumkin.

15

Kompensatsiyani bir necha marta olish mumkinmi?

Bir xil imtihon uchun kompensatsiyani qayta olish mumkin emas. Ammo keyinchalik boshqa turdagi imtihon topshirib, kerakli ballni olsangiz, u imtihon uchun ham alohida kompensatsiya olishingiz mumkin. Masalan, avval IELTS, keyin TOEFL topshirsangiz, ikkala imtihon uchun ham kompensatsiya olish mumkin.

16

Qo‘shimcha savollar bo‘lsa, qayerga murojaat qilish kerak?

Dastur bo‘yicha batafsil yo‘riqnoma va tushuntirishlar Yoshlar ishlari agentligining rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilib boriladi.

Kompensatsiyani olish jarayonida muammo yuzaga kelsa, kanal administratoriga +998 71 209 01 04 raqami orqali murojaat qilish mumkin. Ichki raqamlar: 305 va 406. Biroq Spot tahririyati ushbu raqamga bog‘lanishga urinib, aloqa o‘rnata olmadi.