Avvalroq Spot 23-avgust kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasidagi muzokaralar yakunida bir qator hujjatlar, jumladan, pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani haqida yozgan edi.

Pensiya jamg‘armasi hujjat ikki davlatda mehnat faoliyatini amalga oshirgan fuqarolarning pensiya huquqlarini ta’minlashga qaratilganini ma’lum qildi. Bitimga ko‘ra, fuqaroning O‘zbekiston va Ozarbayjonda orttirgan ish staji pensiya huquqini aniqlashda hisobga olinadi.

Agar bir davlatdagi ish staji pensiya olish huquqini yuzaga keltirish uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi davlatda orttirilgan tegishli staj ham qo‘shib hisoblanishi mumkin. Bunda har bir davlat o‘z hududida orttirilgan ish stajiga mos ravishda pensiya tayinlaydi va uning miqdorini hisoblaydi.

Shuningdek, fuqaro boshqa davlatga yoki uchinchi mamlakatga ko‘chib o‘tsa ham, tayinlangan pensiya kamaytirilmaydi, to‘xtatilmaydi yoki bekor qilinmaydi. Fuqaroning arizasiga ko‘ra, pensiya uni tayinlagan davlatda to‘lanishi yoki ikkinchi davlat hududiga o‘tkazilishi mumkin.

Pensiya tayinlash, qayta hisoblash yoki to‘lash bilan bog‘liq murojaatni fuqaro o‘zi yashayotgan davlatdagi tegishli muassasasiga berishi mumkin. Bitimda nazarda tutilgan hollarda bunday murojaat ikkinchi davlatga ham berilgan deb hisoblanadi, zarur ma’lumot va hujjatlar esa ikki davlatning vakolatli muassasalari o‘rtasida yuboriladi.

O‘zbekiston va Ozarbayjonning vakolatli organlari va tegishli muassasalari pensiya tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri axborot almashadi va o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatadi. Bu fuqarolar uchun ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va pensiya masalalarini tezkor hal qilishi qayd etildi.

Bitim tegishli tartib-taomillar yakunlanganidan keyin kuchga kiradi. Uni amalda qo‘llashning tashkiliy va texnik tartiblari alohida Ma’muriy kelishuv bilan belgilanadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1,69 mln so‘mga yetgani haqida yozgan edi.