23-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston — Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev Ozarbayjon prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.
“Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.




Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va Hududlar forumi o‘tkazildi.
So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani bunga erishishga zamin yaratadi.
Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Yetakchilar madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi.



Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” mavzusida qo‘shma kinofilm yaratish taklif etildi. Kuzda Ozarbayjonda yetakchi OTM rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.
2027-yilda mamlakatlarda futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu borada qo‘shma sport, madaniyat va yoshlarga oid tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli “Ikki mamlakat — bir chempionat” dasturi ishlab chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglandi. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga qaror qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.



Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi.
Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur;
- Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027−2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027−2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar.






Avvalroq Spot O‘zbekiston va Ozarbayjon yangi loyihalar bo‘yicha kelishib olgani haqida yozgan edi.















