Toshkentda Yashil to‘lqin tizimining navbatdagi yo‘nalishi Shota Rustaveli ko‘chasida — Janubiy vokzal va Grand Mir Hotel oralig‘ida ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Sinov natijalariga ko‘ra, Janubiy vokzaldan Grand Mir Hotel tomon harakatlanish vaqti 11 daqiqa 30 soniyadan 8 daqiqagacha, qarama-qarshi yo‘nalishda esa 12 daqiqadan 8 daqiqa 30 soniyagacha qisqardi.
Har ikki yo‘nalishda qizil signalda to‘xtashlar soni 6 tadan 2 taga kamaydi. Natijada yo‘lga sarflanadigan vaqt 3 daqiqa 30 soniyaga yoki qariyb 30%ga qisqardi.
Yashil to‘lqinda svetoforlarning yashil signali avtomobilning yo‘lning muayyan qismini bosib o‘tishi uchun zarur vaqt hisobga olinib, belgilangan vaqt oralig‘i asosida yonadi.
Haydovchi belgilangan tezlik me‘yoriga rioya qilib, bir maromda harakatlansa va transport oqimi erkin bo‘lsa, navbatdagi svetoforga yashil signal vaqtida yetib borishi mumkin.
Markazga ko‘ra, tizim svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlar, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqtini kamaytirish, shuningdek, yonilg‘i sarfi hamda zararli chiqindilar hajmini qisqartirishga xizmat qiladi.
Bundan oldin Yashil to‘lqin tizimi Amir Temur xiyobonida ishga tushirilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 13 ta chorrahani qamrab olgan ilk Yashil to‘lqin tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.